“Uch avlod uchrashuvi” yoshlarga hayot saboqlarini beradi

“ - Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. O‘tgan yildan boshlab mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan “Uch avlod” uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar talaba - yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Muloqot davomida o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukronalar aytish - kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi. Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin bo‘lib emas, kamarbasta bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga dahldorlik bilan yashash esa yoshlarning burchidir. Ko‘tarinki kayfiyat, nuroniylar bilan bo‘lgan muloqotlar yoshlarga ko‘p narsa beradi!” – universitet rektori, professor Yunusov tadbirni ana shu so‘zlar bilan ochib berdi va mehmonlarni qutladi.

  Universitetda qishloq xo‘jaligi fahriylari - Abdumajid Nurqulov, Amriddin Muhiddinov, veterinariya - profilaktikasi va da’volash fakulteti professori, yoshlarning ayni kundagi sevimli ustozi Qurbon Norboyevlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari mas’ullari, "Veterinariya fidoyisi" ko‘krak nishoni sohiblari va universitetning fahriy professor – o‘qituvchilari, shuningdek ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talaba – yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida fahriylar o‘z hayot yo‘llari, soha rivoji uchun amalga oshirgan ishlari, bu yo‘lda uchragan mashaqqatlari va qiyinchiliklari xususida yosh avlod vakillariga hikoya qilib berdilar. Kishi o‘z oldiga maqsad qo‘yishi va kelajagini rejalashtirishi lozimligi, bu yo‘lda albatta unga muammolar uchrashi va bu muammolardan bilimi, salohiyati va intilishlari bilan yengishi lozimligi barchaga ibrat bo‘lgulik hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. Talabalar tomonidan yo‘llangan savollar javobsiz qolmadi. 

Uzoq yillar davomida Samarqand viloyat hokimligida mas’ul lavozimlarda ishlagan va 2019 yildan buyon viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan A.Nurqulov tomonidan universitetga noyob manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, universitet rektori, professor Yunusovga "Samarqand – yer yuzining sayqali" kitobi taqdim etildi. Uchrashuvda faol ishtirok etgan talabalarga fahriylar tomonidan esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlanmasi tortiq qilindi.

Uchrashuv qiziqarli va konstuktiv ruhda o‘tdi. Mehmonlarga Universitet rektorining yoshlar tarbiyasidagi ishtiroki uchun "Fahriy Ustoz" diplomlari taqdim etildi.

So‘ng bu uchrashuv tarix sahifalariga muhrlanishi uchun ishtirokchilar birgalikda suratga tushdilar.

 

Axborot xizmati

LTR RTL