HAZRATI INSON QADRI HAR NARSADAN ULUGʻ!

Inson uchun tinchlik vaxotirjamlik juda muhim. U mehnat qilishi, maqsadlariga erishishi va ertangi kuni uchun rejalar tuzishi uchun avvalo osoyishtalik zarur.
Insoniyat boshidan juda ko‘p qirg‘inbarot urushlar o‘tgan – ular orasida eng dahshatlisi – Ikkinchi jahon Urushi edi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu Urush tugaganiga 70 yildan oshgan. Bu bir insonning o‘rtacha umriga teng bo‘lgan vaqtdir. Oramizda shu yoshdan katta bo‘lganlargina urush davrini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan yoki uning dahshatlarini his qilgan. 
Gʻalabaga erishilganidan keyingi yillar ham oson kechmagan, albatta. Bu jangu - jadallarning asoratlari, zahmatlari Insoniyat xotirasiga bir umrga muhrlangan, ba’zi odamlar qalbida chandiq bo‘lib qolgani ham rost. 
Bu urushda bizning jigarlarimiz, millatdoshlarimiz jon berishgan...
Tarix zarvaraqlarini kuzatar ekanmiz, II jahon urushida O‘zbekistonimizdan 1 million 433 ming 230 nafar odam ishtirok etgani, 604 ming nafardan ortiq hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bo‘lib yurtga qaytgani, 450 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa qonli janglarda halok bo‘lib, begona tuproqlarda qolib ketganidan qalbimiz larzaga keladi.
Urush orti zahmatkashlari qismati ham bizni befarq qoldirmaydi. Ular ham g‘alabaga munosib hissa qo‘shganlar qatoridan o‘rin olishgan.
Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
O‘zbeklar azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibotiga bag‘ishlangan buyuk milliy va ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9 mayni Xotira va Qadrlash kuni sifatida umumxalq bayrami deya e’tirof etilishi zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad va g‘oya o‘rin olgan.
Oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat - mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish xukumatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan bo‘lib, har yili millat qahramonlari munosib tarzda rag‘batlantirilib kelinadi. Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati avval - boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.
Shu bois ham, mustaqillik yillarida ham bizda 9 may umumxalq bayrami sifatida, 1999 yildan boshlab esa Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanadi. 
9 mayning Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilinishi bizda siyosatning insoniylashganidan, davlatning hazrati insonga qayishganidan dalolat beradi. Urushda halok bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. 
Mustaqillik yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobining chop etilgani ham ular xotirasi uchun ahamiyatli ish bo‘ldi. Hozirda urush qurbonlarining nomlari mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahridagi “Xotira maydoni”ga o‘rnatilgan temir “daftar”ga ham zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan.
Qolaversa, bugun Afg‘oniston urushida halok bo‘lganlar sho‘ro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida esga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Bu dunyoning markazida Hazrati Inson turadi. Inson bu dunyoga baxtli yashash uchun keladi. Barcha ne’matlar Inson va uning manfaati uchundir. 
Bugungi tinch va farovon kunlarimiz uchun esa ular oldida qarzdormiz!
Barcha yurtdoshlarimizni 9 may – Xotira va Qadrlash kuni bilan muborakbod etaman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!
Urushlar tarixda qolgani rost bo‘lsin!
Tinch va farovon kunlarning qadriga yetaylik, azizlar!

Hurmat bilan, Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori

LTR RTL