SAMDVMCHBUDA “MEGA LOYIHA: VETERINARIYA, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR SOHASIDA YUQORI MALAKALI ILMIY KADRLARNI JADAL TAYYORLASH” MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BO‘LIB O‘TDI.




Konferensiya avvalida universitet rektori, professor X.Yunusov ushbu Mega loyihani yo‘lga qo‘yishning maqsad-vazifalariga to‘xtalib, ushbu loyiha ilmiy kadrlar yetishtirishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy izlanishlarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil etish hamda to‘liq o‘z-o‘zini moliyalashtirish mexanizimini yaratish maqsadida barcha imkoniyatlarni o‘zida mujassamlashtirganligini ta’kidladi.
 Loyiha tashkil etilgan vaqtda “Mega loyiha” doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilar 34 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, (21 nafari falsafa doktori (PhD), 13 nafari fan doktori (DSc) bugungi kunda esa loyiha doirasida 40 nafar professor-o‘qituvchilar (24 nafari falsafa doktori (PhD), 16 nafari fan doktori (DSc), “Ustoz-shogird” tizimida 5 nafar magistratura mutaxassisligi hamda 7 nafar bakalavriat bosqichi talabalari o‘z ilmiy-tadqiqot ishlarini 14 tur hayvon turlari (xususan: ot, yirik shoxli qoramol, qo‘y, echki, asalari, kurka, tovuq, bedana, quyon, baliq va laboratoriya hayvonlari) ustida o‘z tajribalarini doimiy ravishda olib borilayapti.

    E’tiborlisi, tuman va viloyat boshqarmalarida ishlayotgan soha mutaxassislari Mega loyiha doirasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib, yuqori malakali mutaxassislarga aylanmoqda hamda ularning dissertatsiya mavzulari Oliy attestatsiya komissiyasi byulletenida e’lon qilinib kelinmoqda.

    Ilmiy tadqiqotchilar mutaxassislik hamda xorijiy til fanlaridan malakaviy imtihonlarni topshirish jarayoni tizimli olib borilib, tadqiqotchilar tomonidan malakaviy imtihon guvohnomalariga ega bo‘lishayapti.

   Bugungi kunda “Mega loyiha” doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan 7 nafar falsafa doktori (PhD), 4 nafar fan doktori (DSc) izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini yakunlab, kafedra muhokamasiga qo‘yish uchun tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichiga o‘tdi.

    Umuman olganda, mazkur mega loyiha va undan kutilayotgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan dastur”ning maqsadli parametrlari va asosiy yo‘nalishlari - aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

    Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i A.Safarov, Qashqadaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshmatov, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti professori v.f.d.H.Salimov, SamDVMCHBU professori Q.Norboyevlar so‘zga chiqib, mega loyihadan ko‘zlangan maqsad, global masalalardan bo‘lgan oziq–ovqat havfsizligi, chorvachilik va biotexnologiya sohalari bo‘yicha mutaxassis – yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, shuningdek, chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, chorvachilik va veterinariya sohasida infratuzilma xizmatlarini o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish kabi eng ustuvor tamoyillarni amalga oshirishda ilmiy – tadqiqot ishlarini xolis tajriba va sinovdan o‘tkazishdn iborat ekanligini ta’kidlab, bu borada ko‘zlangan maqsadlarga erishilganini aytib o‘tishdi.

    Shuningdek, konferensiya davomida universitet dotsenti Z.Shopo‘latova “Mega loyiha – ilmiy tadqiqotlarimiz muvoffaqiyati, ilmiy salohiyatning yuksalishi, Respublikamizni malakali ilmiy kadrlar bilan ta’minlashning roli”, mustaqil izlanuvchilar Feruz Qurbonov “Karp baliqlarida saprolingiyoz va protozooyalarning kechishi, tarqali hamda qarshi kurash chora-tadbirlari”, Begzod Jambilov “O‘zbekiston iqlim sharoitida orengburg zotli echkilarning jins bo‘yicha biologik xususiyatlari”, Bahodir Ibragimov “Quyonlar morfo-fiziologik va reproduktiv xususiyatlarining postnatal ontogenezda biologik jihatlari” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.