WEB SAYT MA'LUMOTLARI YANGILANAYOTGANlIGI SABABLI TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA.

TA’LIM VA TARBIYADA KORRUPSIYADAN HOLI MUHIT YARATISH ENG MUHIM TAMOYILDIR!




Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning barcha sohalari rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, tarqqiyotni sekinlashtiradi, davlatni ich-ichidan yemirib, xalqni xonavayron etadi, huquq va manfaatlar buzilishiga sabab bo‘ladi.

Bugungi kunda butun jahon miqyosida ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ayni paytda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Bu borada har birimizdan hushyorlik va mas’uliyatlilik talab etiladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 5-mart kuni korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda «Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, yanada katta ijobiy samaraga erishamiz» degan gaplarida ulkan ma’no mujassam.

Darhaqiqat, korrupsiya bor joyda haqiqat va adolat bo‘lmaydi. Hech qaysi bir sohaning rivojlanishiga, oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erisha olmaymiz. Korrupsiya – qonunning qo‘pol ravishda buzilishidir. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yganning kuni qisqa.

Korrupsiya darajasining yuqoriligi mamlakatning xalqaro miqyosda obro‘sini tushiradigan, investisiyaviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omildir. Shu bois korrupsiya bilan murosa qilib bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, odamlar bolasini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishda sarson bo‘lgan, ishini “boshqa yo‘llar” bilan hal qilishga to‘g‘ri kelgan edi. Bundan 7-8 yil avval oliygohlarga o‘qishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgan edi. Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyasiya bo‘layapti. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi. Oliy ta’limda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.

Yig‘ilishda mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunni farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-marakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi. Yana bir muhim tomoni, maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi ta’kidlandi.

Muhtaram Prezidentimizning Oliy ta’lim muassasalari Rektorlariga talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovasion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarurligi yuzasidan berilgan topshiriqlaridan kelib chiqib, mas’ul mutasaddilar bilan amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan aniq maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Universitetda bugungi kungacha korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi. Bularning barchasi sobiq institutning hamma xodimlarini, shu jumladan professor-o‘qituvchi tarkibini attestatsiya qilinishidan boshlandi. Natijada, professor-o‘qituvchi tarkibi saralanib, o‘z navbatida, universitet, asosan xorijda tahsil olgan istiqbolli yosh kadrlar bilan to‘ldirildi. Shuningdek, "Korrupsiyasiz ta’lim" yo‘lga qo‘yilib, bunda asosiy omil ustoz-shogird o‘rtasida sog‘lom muhit yaratilishiga, ochiqlik va shaffoflikka katta e’tibor qaratildi. Rahbar va yoshlar uchrashuvi doimiy ravishda o‘tkazilib, individual murojaatlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratildi.

Umuman, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya asosida Yangi O‘zbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratishimiz, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashimiz lozim. Davlatimiz farovonligi, xalqimizning ertangi kuni, kelajagimiz yo‘lida bir maqsad sari birlashsakkina bu illatning ildizini quritishga erisha olamiz. Barchamiz korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishni avval o‘zimizdan boshlashimiz, bunga qarshi ma’nan va huquqiy tayyorlanishimiz zarur. Har birimiz qo‘rqmasdan o‘z huquqimizni to‘laqonli amalga oshirsak, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymasak, loqayd va befarq bo‘lmasak, o‘z majburiyatimizni sidqidildan bajarsak nafaqat korrupsiyaga, balki har qanday jinoyatga mukammal qarshi kurashish imkoniyatimiz yuzaga keladi.

 

Xudaynazar Yunusov,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,

chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti

rektori, professor.