Assalomu alaykum hurmatli faxriylar, aziz hamkasblar! Avvalombor, barchangizni 9-may - Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Maʼlumki, yurtimizda 9 - may Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlashi anʼanaga aylanib qoldi. Mana shu ulugʻ ayyom kunida hammamiz eng avvalo, urush maydonlaridan qaytmagan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltiramiz. Jang maydonlarida mardlik, jasorat koʻrsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sogʻ-omon yurgan faxriylarimizga taʼzim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Ajdodlarni xotirlash va keksalarni eʼzozlash, ulugʻ qadriyat hisoblanib, bu borada mamlakatimizda har yili qabul qilinayotgan dasturlarda yoshi ulugʻ, nuroniylarga boʻlgan hurmat, eʼtibor diqqat markazidadir. 9-may yurtimizda keng miqyosda “Xotira va qadrlash kuni” katta tantanalar bilan nishonlanib 1941-1945-yillar urush va mehnat frontida tinchlik uchun kurashib halok boʻlgan jasur va matonatli oʻgʻlonlar hotirasi yod etiladi hamda urush va mehnat frontida jasorat koʻrsatgan nuroniylarimiz eʼzozlanishi xalqimizga xos qadriyatlar koʻzgusi sanaladi. Oʻzbeklar azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu gʻoya targʻibotiga bagʻishlangan buyuk milliy va maʼnaviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targʻib etiladi, urush esa batamom qoralanadi. 9-mayni Xotira va Qadrlash kuni sifatida umumxalq bayrami deya eʼtirof etilishi zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad va gʻoya oʻrin olgan. Oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat - mashaqqat chekkanlar bor. Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish xukumatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan boʻlib, har yili millat qahramonlari munosib tarzda ragʻbatlantirilib kelinadi. Mustaqil Oʻzbekiston xalqi va davlati avval - boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi. Mustaqillik yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobining chop etilgani ham ular xotirasi uchun ahamiyatli ish boʻldi. Hozirda urush qurbonlarining nomlari “Xotira maydoni”ga oʻrnatilgan temir “daftar”ga ham zarhal harflar bilan bitib qoʻyilgan. Inson bu dunyoga baxtli yashash uchun keladi. Barcha neʼmatlar Inson va uning manfaati uchundir. Bugungi tinch va farovon kunlarimiz uchun esa ular oldida qarzdormiz!
Barcha yurtdoshlarimizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor muborakbod etaman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo boʻlsin!
Xudaynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.