Ona tilim, mangu yashayver!

O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga bu yil 34 yil bo‘ldi. Mana shu o‘tgan davr mobaynida tilga e’tibor kuchaytirilib, barcha davlat tashkilotlari, korxonalarida, ta’lim muassasalarida ishlar o‘zbek tilida olib borilmoqda. Bugun o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘zbek tilining jozibadorligini his qilgan holda ulg‘ayib voyaga yetmoqda. Bu esa, kelajakda o‘zbek tilining kelgusi avlodlarga bekami ko‘st yetib borishiga xizmat qilishi, shubhasiz. 
Til - millat madaniyatining o‘zagini tashkil qiladi. Tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak bo‘ladi. “Xorijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch”, deganida donishmandlar ming marta haq fikrni aytishgan.
Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni-xalq, millatni-millat   qiladi. 1989 yilning 21 oktyabrida hali mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritmasdan turib, "Davlat tili haqida" gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotir. Sinovli damlarda ham xalqimiz mustaqillik bergan ne’matlarga, erku ozodlik, o‘z tilining mustaqil rivojiga shukronalar keltirib yashamoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda.
BMT vakillarining til borasida keltirgan faktini eslab o‘tsak: “Bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan”.
Aytish mumkinki, o‘zbek tilining rivoji – bugun sizu bizga, barchamizga bog‘liq. Bu millat bor ekan, uning tili ham abadiy. Bu tilda yaratilgan o‘lmas adabiy meros ham uning umrboqiyligini ta’minlaydi. 
Barcha yurtdoshlarimizni milliy bayramimiz – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan muborakbod etaman!

 

Xudaynazar Yunusov 
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori

LTR RTL