Assalomu alaykum, hurmatli universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar! Sizlarni “Xalqaro veterinariya kuni” bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Jamiyatda veterinariya kasbining muhimligi va insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyatini singdirish, veterinariya tashkilotlari va veterinariya vrachlarining nufuzini ko‘tarish maqsadida 2000-yilda Xalqaro veterinariya assosiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanba kunini “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilingan.
Veterinariya sohasi hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash bilan birga aholini inson va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Butunjahon veterinarlari tomonidan hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash borasida olib borilayotgan ishlarning pirovardida inson salomatligi diqqat e’tiborda bo‘lmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarining aholiga yetkazib berilishida xo‘jalikdan dasturxongacha bo‘lgan davrda veterinar asosiy o‘rinni egallaydi. Va bu jarayonni soha fidoyilarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda veterinariya infrastrukturasining rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilayotir.
Sir emas, insoniyat global yechim talab etadigan bir qancha muammolarga duch kelmoqda. Ulardan biri insonlar va hayvonlar o‘zaro munosabatda yashab turgan atrof-muhitda vujudga kelayotgan yuqumli kasalliklarning tarqalishidir. Kasalliklar ko‘plab davlatlarga katta iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, odamlar hayotiga ham xavf solmoqda. Mamlakatimizda bu borada barcha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar olib boriladi. Natijada chetdan insonlar va hayvonlar uchun xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi, tarqalishining oldi olinib, barqaror epizootik vaziyat saqlanmoqda.
Bugungi kunda veterinar kasbi dunyoda oziq–ovqat xavfsizligini ta’minlovchi soha sifatida tan olinadi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarda bu kasb egalariga katta maosh to‘lanadi.
Universitetimizda kelajakdagi rejalar, istiqbolda amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar ko‘p. Bu loyihalar xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, oziq-ovqat havfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Fursatdan foydalanib, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti jamoasi nomidan mamlakatimizdagi soha vakillari, mutasaddilari va mutaxassislarini Xalqaro veterinariya kuni bilan tabriklab, mas’uliyatli va sharafli kasbingizda omad yor bo‘lsin!
Xudaynazar YUNUSOV,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.