Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Innovatsion iqtisodiyot sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning dolzarb masalalari” hamda “Raqamli iqtisodiyot sharoitida agroservisni innovatsion rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda. Universitetimizning Iqtisodiyot fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni keng joriy etish, resurslardan oqilona foydalanish orqali mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan

Anjumanni universitet rektori, biologiya fanlari doktori, professor Xudaynazar Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berib, resurs tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarni sohaga joriy etishning bugungi kundagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Konferensiyada bevosita va Zoom platformasi orqali ishtirok etgan soha mutaxassislari ilem-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga doir dozarb ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.

Konferensiya doirasida sohaning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha eng ilg‘or ilmiy-amaliy ishlanmalar atroflicha muhokama qilinib, amaliyotga tatbiq etilayotgan eng yaxshi tajribalarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, taqdimotlar davomida qishloq xo‘jaligi korxonalarida buxgalteriya hisobini xalqaro standartlar (MSFO) asosida yuritish hamda agrosektorda zamonaviy menejment va iqtisodiy tahlil mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha amaliy taklif va tahlillar ilgari surildi. Shuningdek, ma’ruzachilar agroservis xizmatlarini raqamlashtirish orqali mahsulot tan narxini pasaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirish masalalarini atroflicha yoritib berishdi
Tadbirkorlik va iqtisodiy islohotlar, moliyaviy hisobot xalqaro standartlari hamda boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan ushbu anjuman o‘z ishini qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom ettirmoqda.