Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Respublikamiz chorvachiligida gen injeneriyasi va molekulyar genetikaning seleksiyadagi o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur anjuman chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy biotexnologiyalarni keng joriy etish, genetik resurslardan samarali foydalanish hamda seleksiya ishlarining ilmiy asoslarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Konferensiyada Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston respublikalari oliy ta’lim muassasalari olimlari, chorvachilik sohasi mutaxassislari, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Tadbir davomida chorva hayvonlarining genetik salohiyatini aniqlash, naslchilik ishlarida molekulyar-genetik markerlardan foydalanish, yuqori mahsuldor zotlarni yaratish va ularni saqlab qolish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar muhokama qilindi.

Konferensiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda gen injeneriyasi hamda molekulyar genetika yutuqlarining ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi qayd etildi.

Anjuman sho‘balarga bo‘lingan holda davom etib, unda chorva hayvonlarining genetik xilma-xilligini o‘rganish, genom seleksiyasi, DNK-markerlar asosida naslchilikni takomillashtirish, reproduktiv biotexnologiyalar hamda genetik kasalliklarni aniqlash bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari, ilg‘or tajribalar va istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiya doirasida yosh olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy ishlari ham alohida e’tirof etildi. Ular tomonidan chorvachilikda zamonaviy molekulyar-genetik usullarni qo‘llash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar taqdim etilib, soha rivojiga oid innovatsion g‘oyalar ilgari surildi.

Mazkur respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi chorvachilik sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Anjuman davomida bildirilgan taklif va tavsiyalar mamlakatimiz chorvachiligini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.