OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH – DAVR TALABI



Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. BMT ham bugun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash bo‘yicha yondashuvni mutlaqo o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidlayapti. Zero, ideal holatda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari barchani oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlash va odamlar uchun risoladagidek daromad manbaini yaratib berishga qodir. Boz ustiga, bunday holatda inson manfaatlari yo‘lida ham qishloq xo‘jaligi rivojlanadi, ham atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanadi.

    SamDVMCHBUda “Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda chorvachilikning o‘rni” mavzusida bo‘lib o‘tgan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

-Bugungi kunda tabiatga befarq munosabat, unga antropogen ta’sirning kuchayib borishi, isrofgarchilik, ilg‘or va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi oziq-ovqat balansi bo‘yicha farqning o‘sayotgani, iqlim o‘zgarishlari qator salbiy omillarni keltirib chiqaryapti, - dedi konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori, akademik Xudaynazar Yunusov. - Noz-ne’matlarimiz, chuchuk suv, ummonlar, o‘rmonlar, biologik xilma-xillik keskin sur’atlarda kamayib bormoqda, yer unumdorligi pasayib, tuproq degradatsiyaga uchrayotir. Shu bois, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim tarmog‘i – chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish har kungidan ham dolzarb va ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

   Shuningdek, konferensiyada universitet assistenti U.Raximov “Tajribadagi baqachalarning o‘sish ko‘rsatgichlari” mavzusida, tayanch doktorant M.Narzullayeva “Sigirlar katta qorin suyuqligidagi infuzoriyalar sonining o‘zgarishi va ularning fiziologik ahamiyati” mavzusida, tayanch doktorant R.Hamidova “O‘zbekiston respublikasida chorvachilik tarmoqlarining hududiy rivojlanish holati” mavzularida chiqishlar qilishdi.

   Konferensiya “Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda chorvachilikning o‘rni” va “Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda innovatsiya texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari” kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.