“Qishloq xoʻjalik ekinlari seleksiyasi va urugʻlarini yetishtirish texnologiyasi sohasidagi yutuqlar, muammolar va istiqbollari”

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, Akademik D.T.Abdukarimov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Qishloq xoʻjalik ekinlari seleksiyasi va urugʻlarini yetishtirish texnologiyasi sohasidagi yutuqlar, muammolar va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.


Konferensiyada viloyat hokimligi vakillari, nuroniylar, soha olimlari, universitetlar rektorlari, OAV vakillari, professor-oʻqituvchilar, tizimda faoliyat olib borayotgan ilmiy markazlar mutaxassislari, yosh olimlar va talabalar ishtirok etishdi.

Konferensiyani kirish soʻzi bilan ochib bergan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov mamlakatimiz qishloq  xoʻjaligini rivojlantirishga va soha mutaxassislarini tayyorlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan taniqli olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi, respublika kartoshkachilik ilmiy maktabini yaratgan Abdukarimov Diamat Toʻxtayevichni muborak 90 yoshi bilan tabrikladi. D.T.Abdukarimovning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “El-yurt xurmati” ordeni topshirilgani, Oliy Kengash Prezidiumining Faxriy yorligʻi, “Shuxrat” medali, vazirlik va boshqa tashkilotlarning 30 dan ortiq faxriy yorliq va diplomlari, N.I.Vavilovning tugʻilganiga 100-yilligi munosabati bilan  Xalqaro yubiley medali, “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni, VDNX ning kumush va katta esdalik medali kabi yuksak mukofotlar bilan taqdirlanganini alohida taʼkidladi.


Shuningdek, konferensiyada ishtirok etgan viloyat hokimi maslahatchisi N.Ibragimov, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor, R.Xolmurodov, “Zarafshon” va “Samarkadskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev,  Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi A.Safarov, Oʻzbekiston Ekalogik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, professor A.Hamzayev, oliy oʻquv yurtlari rektorlari va boshqa mehmonlar fidoyi ustoz tomonidan kartoshka, sabzavot, don va boshqa ekinlarining serhosil, intensiv navlari va geterozisli duragaylarini yaratishning yangi usullari, elita urugʻi yetishtirishning tezkor usuli va boshqa fundamental va amaliy tadqiqotlarning nazariy asoslari ishlab chiqilib, bu sohani respublikamizda kelgusida yanada rivojlantirishga katta hissa qoʻshganligini, D.T.Abdukarimov tomonidan 400 dan ortiq darslik, monografiya, oʻquv qoʻllanma, uslubiy ishlar va maqolalar, “Dehqonchilik asoslari va yem-xashak yetishtirish”, “Tamakichilik”, “Dala ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligi va genetika asoslari”, “Oziqa va urugʻchiligi “, “Xususiy seleksiya” yetishtirish” kabi 16 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar yaratilganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.




Konferensiya shoʻbalarga boʻlingan holda “Qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasisining asosiy yoʻnalishlari, boshlangʻich material manbalari, usullari, erishilgan yutuqlari va istiqbollari”, “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning agroekalogik va agrotexnologik asoslari”, “Agroklaster va fermer xoʻjaliklarida qishloq xoʻjalik ekinlari mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy   asoslari”, “Chorvachilik va veterinariyada qoʻllaniladigan ozuqa va dorivor ekinlar biologiyasi va qayta ishlash texnologiyasi”, “Qishloq xoʻjalik ekinlari urugʻchiligini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish” kabi mavzularda davom ettirildi.

LTR RTL