“Chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirishda hayvonlar genetikasi va oziqlantirishning global va milliy muammolari”

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

 

Konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha O‘zbekistondagi vakili, Amerika qo‘shma shtatlari Minnesota universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Karaganda texnika universiteti va Agrar milliy universiteti professorlari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Qorako‘lchilik va cho‘l ekalogiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. 

 



Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov mamlakatimiz aholisining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish, ularni yetishtirish uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish, mahsuldor va mahalliy iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan zotlarni yaratish borasida ilmiy muassasalar va soha vakillari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, chorva hayvonlarining ozuqaga bo‘lgan talablarini to‘liq qondirish maqsadida barcha turdagi chorva hayvonlari uchun ilmiy asoslangan meyor va ratsionlar ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, mazkur konferensiyada ko‘rib o‘tiladigan masala va takliflar soha rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi. 

 



Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Alisher Safarov chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli, arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasida hukumatimiz, xususan Qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ijobiy ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi. 



 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha O‘zbekistondagi vakili A.Namozov, Qorako‘lchilik va cho‘l ekalogiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ye.Shaptakov, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Sh.Jabborovlar mavzu doirasida o‘z fikrlarini bildirgan bo‘lsa, AQSh Minnesota universiteti professori Abdolreza Kamab “Parrandalarni oziqlantirish to‘g‘risida”, Qozog‘iston Agrar milliy universiteti professori Rizabek Kadiken “Qo‘y va echkilarni genafondini yaxshilash” Andijon qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar instituti dotsenti, q.x.f.n., katta ilmiy xodimi D.Uldoshev “Global iqlim o‘zgarishi sharoitda O‘zbekiston ozuqalarning qiymatlarini energiyada baholash tizimiga o‘tish zaruriyati” mavzularda so‘z yuritdi. 



Konferensiyada mutaxassislar ishtirokida ko‘rib o‘tilgan masalalar va takliflar chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qiladi. Tadbir jarayonida bu alohida qayd etildi.

LTR RTL