Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan “Ayolga ehtirom ko‘rsatish - xalqimizga xos oliyjanob qadriyat” shiori ostida “Sen baribir muqaddassan, muqaddassan ayol” mavzusidagi bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirini universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov tabrik so‘zi bilan ochib, barcha mehmonlarni va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutlab, bugun jamiyatimizda ayollar va xotin – qizlarga ko‘rsatilayotgan davlat siyosati darajasidagi e’tiborni alohida ta’kidladi.
“Universitetning 794 nafar professor – o‘qituvchi va ishchi xodimlarining 298 nafarini xotin – qizlar, 6248 nafar talabalarimizning 1769 nafarini qizlar tashkil etadi.
Fidoyi olimalar va yosh tadqiqotchilar, izlanuvchilar yoki ta’lim maskanining boshqa bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bu ayollar universitetimizning fayzi va ko‘rkidir. Ular universitet hayotiga go‘zallik va ma’no baxsh etadilar!
Yana bir narsani mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, joriy yilda universitetda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi izlanuvchilardan 25 nafari falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilishgan bo‘lsa, shundan 7 nafari xotin-qizlardir.
Shuningdek, 5 nafar Davlat stipendiyasi sohiblarining 3 nafari talaba-qizlar hisoblanib, ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz!” – dedi universitet rektori, professsor X. Yunusov o‘z so‘zida.
Tadbir davomida Yoshlar masalalari va ma’naviy–ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Alibek Gapporov tomonidan universitet rektorining buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra, bayram munosabati bilan ta’lim maskanida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin – qizlarga pul mukofotlari ajratilganligi e’lon qilindi.
Tadbirga universitetda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, ayni kunda nafaqada bo‘lgan Ustozlar davraga yanada fayz kiritdilar. Ularga alohida ehtirom ko‘rsatilib, bayram sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, universitet rektori O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining universitet xotin-qizlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Ta’lim sohasida alohida xizmat qo‘rsatgan fidoyi ayollar, xotin–qizlarga universitet rektorining “Faxriy yorlig‘i” va “Tashakkurnoma”lar taqdim etildi.
Universitet ijodkor talaba-yoshlarining chiqishlari davrani jonlantirdi. Shundan so‘ng barcha mehmonlar bayram dasturxoni atrofida tadbirni davom ettirdilar.