REKTOR VA MAGISTRLAR UCHRASHUVI.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori X.B.Yunusov Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti va Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti magistr talabalari bilan davra suhbatini o'tkazdi.
Bunda rektor tomonidan universitetning har bir ta'lim mutaxassisligi bo'yicha ta'lim oluvchi talabalarni o'z qiziqish e'tiborini ilmiy tadqiqot ishiga yo'naltirishning zarurligi, bunda talabalarda uchraydigan muammolar, ularni hal qilish yo'llari va bu jarayonda magistrlarning vazifalarini yana bir bor eslatib o'tdi.
Universitetdagi talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga yo'naltirish sohasidagi faoliyatlari natijasida universitetda ilmiy tadqiqot ishi bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan talabalar, magistrlar oldida muhim muammolar mavjudligi yaqqol ko'rinib qolmoqda. 
Bu muammolar:
1. Ilmiy tadqiqot mavzusini to'g'ri tanlay olmaslik.
2. Ilmiy tadqiqot metodlari va undan foydalanishni bilmaslik.
3. Ilmiy tadqiqot ishining rejalarini mustaqil tayyorlay bilmaslik. 
4. Adabiyot manbalari bilan ishlashda qiyinchiliklarga uchrashi. 
5. Faoliyatdagi tadqiqotchi talaba tadqiqot ishini taqdimotini amalga oshirish ko'nikmasiga ega bo'lmaslik holatlarini tanqid qilib o'tdi.
O'zlaringizni ilmiy-tadqiqot ishlariga yo'naltirishingizni ikki yo'li bor deya fikrini davom ettirdi:
birinchi yo'li, bevosita dars jarayonida: seminar, amaliy mashg'ulot darslarida tadqiqot yo'nalishingiz bo'yicha muammoli darslarni tashkil eting, muammoli vazifalarni qo'yib, ularni yechishga harakat qiling, mutaxassisligingiz yoki biror asosiy fanlaringiz doirasida o'quv loyiha (dars ishlanma, texnologik xarita, elektron qo‘llanma)larini yaratishga harakat qiling;
ikkinchi yo'li, bevosita dars jarayonining mantiqiy davomi bo'lib, darsdan tashqari vaqtda o'quv-tadqiqot faoliyatini amalga oshiring: mustaqil ish, referat, kurs ishi, ilmiy, o'quv-tadqiqot ishlarini bajaring, olimpiada va ko'rgazmalarda o'z chiqishlaringiz va konferensiyalarda ilmiy maqolalar bilan ishtirok etishga harakat qiling.
Siz olib borayotgan har bir ilmiy tadqiqot ishingiz ma'lum ilmiy tadqiqot metodlaridan foydalanib bajariladi. Ilmiy tadqiqot ishini bajarish jarayonida tahlil va sintez, taqqoslash, sinflash, modellashtirish, kuzatish, tajriba va suhbat o'tkazish kabi tadqiqot metodlaridan qanday foydalanishni o'rganishingiz zarur. Yaxshi metodikasiz hatto to'g'ri tanlangan ilmiy tadqiqot ishingiz ham yaxshi natija bermaydi.

Xulosa qiladigan bo'lsak, fan va texnika taraqqiyoti rivojlangani sari olingan bilimlarni yangilash, chuqurlashtirish va mustahkamlab borish davr talabi bo'lib hisoblanadi. Mening oldimga qo'ygan asosiy vazifalarimdan biri ilmiy faoliyat bilan shug'ullanishingizga yo'l ochish, ro'y beradigan muammolarni o'z vaqtida va o'z o'rnida aniqlash, ularni bartaraf etishga e'tibor qaratishim lozim deb hisoblayman hamda bu borada bir-birimizni qo'llaymiz degan umiddaman" - deydi professor Yunusov.

Axborot xizmati.

LTR RTL