Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy ilmiy laboratoriya ochildi. O‘zbek yoshlari juda bilimga chanqoq va intiluvchan – Bu haqida horijlik professor - o‘qituvchilar, umuman chet elliklardan ko‘p marta maqtovlar eshitganmiz. Bu e’tirof barcha ustozlar uchun katta fahr. Bugun imkoniyatlar va sharoitlar ular orzu qilganchalik bo‘lmasligi mumkin, lekin xukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz tomonidan ular uchun eng yaxshi sharoitlar, imkoniyatlar yaratib berishga harakat qilinmoqda. Yaqinda yoshlarni kuzatib, fikrlarim yana-da qatiylashdi, ularning ayrimlaridagi ilm – fanga o‘ta chanqoqlik, qiziquvchanlik, ilm – fan namoyondalariga yuksak hurmat – ehtirom, yurtimizdan yaqin kelajakda katta olimlar, tadqiqotchilar yetishib chiqishidan darak beradi. Ular o‘z nomi bilan samarqandlik, o‘zbekistonlik olimlar bo‘lishadi. Xalqaro Nobel mukofoti sohiblari yurtimizga, qolaversa qadim va navqiron Samarqandga har doim ham kelaverishmaydi. Yaqinda shahrimizda ana shunday ajoyib, tarixiy voqea yuz berdi. Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy ilmiy laboratoriyaning ochilish marosimida ishtirok etdik. Bu marosimda professor Aziz Sanjar shaxsan ishtirok etdi va bir necha kun davomida samarqandliklarning aziz mehmoni bo‘ldi. Asli kelib chiqishi Turkiyadan bo‘lgan professor Aziz Sanjar AQSHda yashab, Shimoliy Karolina universitetida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi mashhur, dunyo tanigan va tan olgan biokimyogardir. Olim so‘nggi 15 - 20 yillar oralig‘ida zamonaviy dunyoning eng og‘ir xastaliklaridan biri bo‘lgan - saraton bilan zararlangan hujayraning DNK tizimini tuzatishning biokimyoviy mexanizmlarini ishlab chiqqan va ushbu muhim tadqiqoti uchun 2015 yildayoq Kimyo fanlari bo‘yicha xalqaro Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Shuningdek, ushbu tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, o‘nlab oliy ta’lim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Samarqand davlat universitetida Nobel mukofoti sohibi “Miya saratonini davolashning innovasion usullari” mavzusida yosh olimlar, talabalar va professor - o‘qituvchilar uchun ma’ruza ham qildi. Biokimyo laboratoriyasi Rossiya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 10 ga yaqin zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu uskunalarda organik va noorganik materiallar, kimyo sohasida moddalar tadqiqi va kompleks birikmalar sintezini amalga oshirish, nanomateriallar xossalarini o‘rganish, moddalar tarkibini miqdor va sifat jihatdan tahlil qilish, biofaol birikmalarni aniqlash kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda ilmiy tahlil va tajribalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Zamonaviy analiz usullari laboratoriyasi ko‘p tarmoqli bo‘lib, bir vaqtning o‘zida kimyo, biologiya, farmasevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, parfyumeriya, materialshunoslik, biologik tadqiqotlar, atrof-muhit muhofazasi, konchilik, neft va gaz kimyosi, qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori aniqlikdagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi. Xozirgi kunlarimizda kimyo xalq xo‘jaligida katta axamiyatga ega, fan, ishlab chiqarish, sanoat, chorvachilik va hokazo sohalarning kimyo qo‘llanilmaydigan birorta xam tarmog‘i yo‘q, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun, qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarning zararkunandalar va kasalliklariga, begona o‘tlarga qarshi kurash uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalardan keng foydalaniladi va hokazo. Kimyo texnologiyasi bo‘yicha hozircha rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha olmaymiz. Ammo hozirda mamlakatimizda aynan kimyo texnologiyalariga, qolaversa ilm-fanga e’tibor berilmoqda, o‘ylaymanki, yaqin kelajakda bu bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kira olamiz, deb umid qilamiz. Ilm-fanni yuqori cho‘qqilariga erishmoqchi bo‘lsak, laboratoriyalarni aniqligi yuqori bo‘lgan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashimiz juda muhim. Mazkur laboratoriya jihozlarining bir qismi (hammasi emas), Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi oliy ta’lim muassasalariga beriladigan moddiy yordam sifatida keltirilgan. Ayni kunda mamlakatimizdagi 25 ta OTMning moddiy texnik bazasini boyitishda ana shu bank ko‘magidan foydalanildi. Aytish joizki, bu faqat Samarqand Davlat Universiteti miqyosida emas, hatto Samarqand miqyosidagi ham emas, butun mamlakatimiz ilm – faniga taalluqli katta va muhim voqea bo‘ldi. Bu zamonaviy laboratoriyalar yordamida muhim ilmiy ishlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Qolaversa, talaba – yoshlar uchun, ilmga chanqoq o‘g‘il qizlarimizga yaxshi imkoniyat. 8 turdagi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriya xalq xo‘jaligining kimyo, farmasevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, biologik tadqiqotlar, konchilik kabi sohalarida tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega. Shuningdek, molekulyar biotexnologiyalar va zamonaviy botanika asoslari hamda vivariy, biofiziologik, biokimyoviy tadqiqotlar ilmiy laboratoriyalari ham sohaga qiziquvchan yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Xalqaro Nobel mukofoti sohibi bilan muloqot yoshlarga – talabalar, magistrlar va doktorantlar va boshqalarga ham katta motivasiya berdi, deyish mumkin. Buni ularning yuz – ko‘zidan, bo‘lib o‘tayotgan savol – javoblardan sezish mumkin bo‘ldi. Birinchi kun rasmiy tadbirlar bo‘lsa, ikkinchi kun samimiy muloqot kuni bo‘ldi. Taniqli olim tomonidan Rak kasalligini oldini olish, erta aniqlash va da’volash bo‘yicha yaxshi tavsiyalar berildi. Talabalar ushbu kasallik bo‘yicha horijiy davlatlar, xususan Amerika Qo‘shma Shtatlarida qanday muvaffaqiyatli tajribalar va ilmiy yutuqlar borligi bilan tanishdilar. Zamonaviy analiz usullari laboratoriyasining ochilish marosimida shaxsan Aziz Sanjarning o‘zi ishtirok etgani kelgusida ham olim bilan mustahkam ilmiy hamkorlik davom ettirilishini anglatadi. Ilm-fan rivojlanmagan davlatda taraqqiyot ham bo‘lmasligi isbotlangan. Ilmiy laboratoriyada bugungi kunda nafaqat sohaga oid ilmiy tadqiqotlar, balki, tibbiyot, atrof-muhit muhofazasi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash, sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari uchun tadqiqot ob’yektlari tahlillari o‘tkazilayotgani barchani quvontiradi. Yangi O‘zbekistonda ilm-fan sohasi yuksak taraqqiy topgan bo‘lishi va yangi kashfiyotlar markazi sifatida ham mamlakatimiz e’tirof etilishini umid qilamiz. Ilm – fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bunga, albatta imkon beradi.
Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori
2022-05-13
2022-05-12
2022-05-17
2022-05-05