Insoniyat kelajagi qanday? Iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik kishilik jamiyatini tanazzulga eltadimi? Bu kabi savollar bugun dunyo aholisining har birini bezovta qilayotgani bejizga emas. U qaysi mintaqa, qanday millat bo‘lishidan qat’iy nazar. Bugun global ekologik muammolarning keskinlashgan zamonda yashayapmiz - Ekspertlar vaziyatni o‘nglash uchun jahon iqtisodiyotida “yashil taraqqiyot” tamoyillarini joriy etish zarurligini ta’kidlamoqdalar.
Ma’ruzachilar ma’lumotiga ko‘ra, “Yashil iqtisodiyot” - bu yaxlit tizim bo‘lib, uning asosiy maqsadi sayyoramizning ekologiyasi va uni saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan. “Yashil iqtisodiyot” deganda, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani bir butun holda saqlab qolib ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni amalga oshirishga asoslangan iqtisodiy faoliyatning yangi yo‘nalishi tushuniladi.
Universitetda “O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish sirategiyasi va uning ahamiyati” mavzusida ilmiy – amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi hamkorligidagi tadbirda mazkur halqaro strategiyaning ahamiyati, ayni kunda mamlakatimiz va viloyatimizdagi vaziyat, shuningdek, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama markazida bo‘ldi. Seminar ishini universitet rektori, professor Yunusov ochib berdi va ekologik muammolarning Insoniyat hayotiga ta’siri to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ishlar 2019 yilning oktyabr oyida "2019 — 2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi" qabul qilingandan so‘ng, COVID-19 pandemiyasi arafasida boshlab yuborilgan edi. Ushbu strategiya energiya samaradorligini oshirish, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan foydalanishni kengaytirish, resurslardan foydalanish unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish hamda yerlar degradasiyasini qisqartirish hisobiga issiqxona gazlarini havoga tashlanishini qisqartirishni nazarda tutadi.
“Yashil makon” dasturi doirasida joriy yilda viloyatda 27 turdagi 10 mln. tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bu haqida viloyatda “Yashil iqtisodiyot” va “Yashil makon” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning iqlim moʻtadilligiga ta’siri to‘g‘risidagi ma’ruzasida Respublika Tabiat Resurslari Vazirligi viloyat boshqarmasi Atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i T.Hoshimov ma’lumot berdi.
Shuningdek, seminarda “Yashil iqtisodiyotga o‘tish sirategiyasi va uning ahamiyati”, “Yashil makon" loyixasi va dolzarb ekologik masalalar, “Zarafshon daryosi sohili to‘qay ekotizimlarini saqlab qolish muammolari” to‘g‘risidagi dolzarb ma’ruzalar ham tinglandi.
Axborot xizmati
2022-05-13
2022-05-12
2022-05-17
2022-05-05