2026-yil 29-oktabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Veterinariya jarrohligi va akusherlik kafedrasi tashabbusi bilan “Veterinariya jarrohligi va akusherlik sohasida innovatsiyalar, xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi veterinariya shifokorlari, doktorantlar, magistrantlar hamda talabalar — jami 120 nafar ishtirokchi bevosita va onlayn shaklda qatnashdi.

Xorijiy ishtirokchilar Rossiya, AQSh, Latviya, Portugaliya, Turkiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning ilmiy hamda ta’lim muassasalari vakillaridan iborat bo‘ldi. Ular konferensiyada ishtirok etish imkoniyati uchun universitet rektoriga, shuningdek, anjumanni tashkil etishda ishtirok etgan kafedra xodimlariga chuqur minnatdorlik bildirdilar.

ILMIY MA’RUZALAR VA DOLZARB MASALALAR
Konferensiyada veterinariya jarrohligi, akusherlik, onkologiya va reproduktologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan yettita ilmiy ma’ruza tinglandi.
Jumladan, mushuklarda infeksion peritonitni ultratovush yordamida diagnostika qilish, it va mushuklarda shoshilinch reproduktiv jarrohlik, piometrani aniqlash, sut bezi o‘smalarini davolash, sigirlarda tuxumdonlar gipofunksiyasi hamda qoramollarda aktinomikozni davolash usullari muhokama qilindi.
ILMIY HAMKORLIK VA TAJRIBA ALMASHISH
Anjuman ishi veterinariya jarrohligida innovatsion diagnostika va davolash usullari, hayvonlarning reproduktiv salomatligini ta’minlash, shuningdek, xalqaro tajriba va ilmiy tadqiqotlarga bag‘ishlangan uchta sho‘ba doirasida davom etdi.

AMALIY AHAMIYAT VA ISTIQBOLLAR
Konferensiya ilg‘or diagnostika va davolash usullarini veterinariya amaliyotiga tatbiq etish, ilmiy muassasalar va klinikalar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar uchun istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Anjumanda taqdim etilgan ilmiy natijalar va klinik tajribalar yosh mutaxassislarning kasbiy bilimlarini boyitish, hayvonlar salomatligini muhofaza qilish hamda veterinariya xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.