Qishloq xo‘jaligi va biotexnologiyalar sohasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor X.Yunusov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Q. Yo‘ldoshev hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Belarusning qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va biotexnologiyalar sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini tahlil qilish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ikki tomonlama ilmiy-ta’limiy va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Tashrif doirasida delegatsiya Belarus milliy biotexnologiya korporatsiyasi (БНБК) faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Korporatsiyada zamonaviy biotexnologik ishlab chiqarish jarayonlari, chorvachilik uchun yuqori sifatli ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga oid ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilik yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish hamda zamonaviy biotexnologiyalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8–9-iyul kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tayotgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, agrar ta’lim, veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.