SAMDVMCHBUDA “ZARAFSHON” GAZETASI VA ZARNEWS.UZ SAYTI XODIMLARI BILAN IJODIY UCHRASHUV O‘TKAZILDI



Butun dunyoda, xususan MDH davlatlarida bosma nashrlar asta-sekin o‘z o‘rnini Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarga bo‘shatib berayotgan bir paytda, o‘zbek media-segmentida bosma nashrlar kerakmi yoki kerak emas, degan tortishuvlar davom etyapti. Bir qarashda, bahslashayotgan ikki tomonning fikrlarida ham jon bordek. Bosma nashrlar kelgusi faoliyatiga qarshilarning fikricha, matbuot o‘quvchini qiziqtira oladigan formatga hech qachon o‘ta olmaydi. Bu fikrga qarshilarning ta’kidlashicha, bosma nashrlarning intihosi jamiyatda chalasavodlikning, fikrsizlikning, ma’rifatsizlikning ibtidosi bo‘ladi.

   “Zarafshon” va “Samarkadskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev, ZarNews.uz sayti muharriri A.Haydarov, bosh muharrir o‘rinbosari Gʻ.Hasanov, muxbir G.Mo‘minovaning universitet ijodkor o‘qituvchilari va talabalarri bilan bo‘lgan uchrashuvda ham shu mavzuda fikr yuritilib, bugungi kunda aksariyat odamlar e’tiborini internet zabt etib borayotganligi, kitob va gazeta o‘qimaslikning salbiy oqibatlariga e’tibor qaratildi.

   Ijodiy uchrashuvni ochib bergan universitet rektori, akademik Xudaynazar Yunusov bunday muloqotlar nafaqat talabalar, balki o‘qituvchilar uchun ham fikr almashish, ilmiy va ijodiy ongni boyitishning muhim maydoniga aylanib borishini ta’kidlab, ijodkorlar bilan uchrashuv o‘qituvchilar uchun ham muloqot, ham ilhom manbai sanalishini, chunki o‘z fikrini qog‘ozga tushirib, jamoatchilikka yetkaza olgan o‘qituvchi — jamiyatning haqiqiy ziyolisi ekanligini aytib o‘tdi.

   Shuningdek, tadbir davomida “Zarafshon” va “Samarkadskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov, muxbir G.Mo‘minovalar kitob va gazeta o‘qishning ijobiy holatlariga to‘xtaldi. “Zarafshon” gazetasi kutubxonasida keyingi yillarda nashr etilgan kitoblar haqida ma’lumotlar berib, o‘z ijod namunasidan o‘qib eshittirdi.

   Uchrashuv so‘nggida talabalar ham o‘z ijod namunalaridan o‘qib, jurnalist va ijodkorlarga savollar berdi. Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg‘a qilindi.