O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida yuksak ruhda o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir davlatimiz Konstitutsiyasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilishga qaratildi. Tadbirning asosiy g‘oyasi — “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” — asosiy tamoyillarni o‘zida mujassam etgan holda, xodimlarimizni qonun ustuvorligi g‘oyasi atrofida birlashtirishga xizmat qildi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Bosh qomusimizning ahamiyati yana bir bor keng jamoatchilikka targ‘ib qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida universitet rektori, akademik Xudaynazar Yunusov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga qaratilganini, shuningdek konstitutsiyaviy bilimlarni yanada mustahkamlash, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish bo‘yicha so‘z yuritdi. Konstitutsiya mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivoji, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, asosiy qonunning hayotimizdagi amaliy o‘rni va amalga oshirilayotgan islohotlardagi roliga alohida e’tibor qaratdi.


Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar bayram munosabati bilan universitet rektorining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Universitet iqtidorli talaba-yoshlarining badiiy chiqishlari esa tadbirning yanada ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishini ta’minladi.