Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Veterinariya va chorvachilik sohalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning ustuvor vazifalari” mavzusida IV-respublika o‘quv-uslubiy seminari hamda 2024/2025-o‘quv yilida Universitet bitiruvchilarini ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida “Karyera kuni”da Biotexnologiya fakulteti Biotexnologiya kafedrasi qoshida tashkil etilgan IN VITRO ilmiy-amaliy laboratoriyasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif buyurgan mehmonlarga Universitet rektori, professor X.B.Yunusov IN VITRO laboratoriyasining bir qancha afzalliklari, xususan, genetik jihatdan bir xil, sifatli o‘simliklar olinishi, yil davomida ko‘chat yetishtirish (mavsumga bog‘liq emas), tez va ko‘p miqdorda ko‘chat yetishtirish imkonini berishi, steril muhitda kasalliklardan xoli ko‘chatlar olish mumkinligi, in vitroda yetishtirilgan ko‘chatlardan olinadigan daromad ananaviy usulda ko‘paytirilgan ko‘chatga nisbatan 5 marta ko‘p bo‘lishini aytib o‘tdi.
Biotexnologik yondashuvlar asosida o‘simliklarning vegetativ organlarini in vitro sharoitda o‘stirish orqali molekulyar genetika va amaliy seleksion jarayonlar uchun sharoitga mos manbalarni yaratish imkonini beradi. Biotexnologik usullarga asoslangan holda seleksion manbalar yaratish yoki hujayraviy seleksiyasiyaga asoslangan biotexnologik yondashuvlar quyidagi yo‘nalishlar asosida tavsiflanadi. Jumladan, seleksiya jarayonlarini tezlashtirishga yo‘naltirilgan yo‘nalish, genotiplar xilma-xillikni yaratish va tanlash imkoniyatini oshirish.
Bu o‘rinda o‘simliklarning sharoitga mos turi yoki nav namunalarini mikroklonal ko‘paytirishga alohida e’tibor berilmoqda.