Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bir boʼlib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash dunyoning koʼplab mamlakatlarini qamrab olmoqda.
Ma’lumki joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.
Oliy ta’lim tizimi - Yangi O‘zbekistonni barpo etuvchi muhim omildir. Ta’lim tizimi salohiyati qancha baland bo‘lsa, islohotlar maqsadiga erishish imkoniyati shuncha katta bo‘ladi. Shu sababdan ta’lim salohiyatiga putur yetkazayotgan muammolar va illatlarga barham berish masalasi o‘ta dolzarb. Bu kabi illatlarning eng muhimlaridan biri – ta’lim tizimidagi korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Shu boisdan ushbu illatlarni bartaraf qilish, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga astoydil kirishilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar bu yo‘lda barcha harakatlarni birlashtirish va illatga qarshi birgalikda, bir tanu bir jon bo‘lib kurashish kerakligini talab etadi. Zero, bu umummilliy sa’y-harakatlarimiz shubhasiz, mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan rivojlanish strategiyalarini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyatda poraxo‘rlikka qarshi kurash keng qamrovli, kompleks ishlarni o‘z ichiga oladi. Birgina sababga qarshi kurashib bu illatni yo‘qotib bo‘lmaydi. Barcha sabablar chuqur o‘rganilishi, poraxo‘rlik, ya’ni oqibat emas, balki unga olib boruvchi yo‘llar, uni vujudga keltiruvchi sabablar yo‘qotilishi kerak.
O‘qituvchi pora olmaydi, o‘quv dargohi rahbari hammani teng ko‘radi, u o‘z mansabi va vakolatlarini hech qachon suiiste’mol qilmaydi, biz pora berib o‘qimaymiz, ta’limda tenglik, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik bo‘lishi shart, qabilidagi tushunchalar odamlarning qon-qoniga singib, qadriyat darajasiga ko‘tarilmas ekan, korrupsiya biz bilan yonma-yon yashayveradi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʻdiruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʻlishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʻlamiz.
Agrotexnologiya fakulteti dekani
q.x.f.f.d., dotsent
Berdimuratov Elyor Xayrullayevich