Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ravishda ishlar olib borilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Har bir fuqaroni undan ogoh etish, bu boradagi tushunchalarini yanada oshirish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 5-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, muhim vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunni farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-marakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi. Yana bir muhim tomoni, maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi ta’kidlandi.
Universitetimizda ham "Korrupsiyasiz ta’lim" yo‘lga qo‘yilib, bunda asosiy omil ustoz-shogird o‘rtasida sog‘lom muhit yaratilishiga, ochiqlik va shaffoflikka katta e’tibor qaratilmoqda. Rahbar va yoshlar uchrashuvi doimiy ravishda o‘tkazilib, individual murojaatlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishlarda barcha xodimlar o‘z xizmat vazifalarini halol, vijdonan, yuqori professional darajada va vakolatlaridan chetga chiqmagan holda bajarishi, har qanday vaziyatda o‘z sha’ni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-ahloq kasb etika qoidalariga rioya qilishi, kamtar, xushmuomalada bo‘lishi, hech kimga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, shuningdek o‘qituvchi degan nomni obro‘sizlantirish va nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi lozimligi ta’kidlanib kelinmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qo‘llash samarali hisoblanmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning o‘zaro jipsligi talab etiladi. Zero, bu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik ko‘rsatilsagina, ko‘zlangan natijani berishi mumkin.
Demak, biz korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz, barchamiz birga harakat qilmog‘imiz zarur. Bunda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsadi va ob’yekti sifatida alohida olingan korrupsioner emas, balki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarini bartaraf qilish va oldini olish choralarida namoyon bo‘lishini anglagan holda harakat qilmog‘imiz lozim bo‘ladi.
Alibek Gapparov,
SamDVMCHBU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.