DOIM E’ZOZDASIZ, AZIZ USTOZLAR!
Mamlakatimizda 1997-yildan boshlab 1-oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar
kuni bayrami nishonlanib kelinmoqda. SamDVMCHBU “Madaniyat saroyi”da “Doim
e’zozdasiz, aziz ustozlar!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida faxriy
ustozlar va universitetda ayni kunda faoliyat ko‘rsatayotgan professor –
o‘qituvchilarga hurmat – ehtirom ko‘rsatildi.
Universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov barcha ishtirokchilarni ulug‘ bayram – 1-oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan qutladi.
- Ustoz-murabbiylar mehnatini ulug‘lash kishini kamolotga, baxt va yorug‘ istiqbolga eltishi aniq. Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimi islohotlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu albatta, ilm-ma’rifat o‘choqlarida fidokorona mehnat qilayotgan barcha professor-o‘qituvchilar, tarbiyachi-murabbiylar mehnatining ham munosib qadrlanishiga asos bo‘lmoqda, - dedi rektor Xudaynazar Yunusov. - Shu bois, har birimiz o‘z kasbimizga sadoqat bilan yondashib, ilm-fanning ilg‘or yutuqlari hamda xalqimizning qadriyat va bebaho merosini yosh avlodlarimizga yetkazishimiz ham farz, ham qarzdir. Bu yo‘lda barchanining ilmiy-pedagogik, tadqiqotchilik faoliyatiga muvaffaqiyat yor bo‘lsin.
Shuningdek,
tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilik rivojlantirish
qo‘mitasi raisi, veterinariya fanlari doktori, professor Bahrom Norqobilov
ishtirok etib, barcha professor-o‘qituvchilarni bayram bilan tabrikladi.
- Bu olamda kasblar ko‘p. Lekin insoniyat ular ichida eng sharaflisini O‘qituvchilik, ustoz va murabbiylik deb ataydi. Chunki Ustoz, deganda har birimizning ko‘z oldimizga albatta sofdil, ma’naviy boy, axloqan pok, kamtarin zot – o‘qituvchi keladi, - dedi Bahrom Norqobilov. - Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchangizdan katta kuch-g‘ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi. Ana shunday sharafli mehnatingizda, xalqimizni sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan veterinar mutaxassislarni tayyorlashda Sizlarga kuch-g‘ayrat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.