2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi. Yig‘ilishda turli festival va musobaqalar o‘tkazib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarga olib chiqish izchil davom ettirilishi lozimligi alohida qayd etilgandi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi Yoshlar Forumi mamlakatimizning barcha viloyatlari, tashkilotlar va muassasalarda tashkil etilmoqda. Bugun Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Yoshlar Forumi bo‘lib o‘tdi. Forum universitetning Toshkent va Nukus filiallari, texnikum va akademik lisey talaba - yoshlari ishtirokida katta shodiyona tarzida va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ikkinchi Respublika Yoshlar forumi doirasida “Ranglar sehri”, “Pazanda qizlar”, “Milliy liboslar” kabi «Besh muhim tashabbus» doirasidagi yoshlar ijod namunalari ko‘rgazmalari, “Sozanda yoshlar” cholg‘uchilik tanlovi, “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari chiqishlari, “Stol tennisi” bo‘yicha “Universitet rektori kubogi” hamda “Shaxmat” bo‘yicha “Qo‘mita raisi kubogi” musobaqalari, “Munozara-debat” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, bitiruvchilarning “Veterinar qasamyodi” marosimi kabi o‘ttizga yaqin madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar tashkil etildi.
Tadbir davlat Madhiyasining yangroq sadolari bilan boshlandi.
Tadbirni universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov ochib berarkan, mazkur forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus mohiyatini yoshlar ongiga yanada singdirish, iste’dodli yoshlarni rag‘batlantirish va eng asosiysi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ekanligini ta’kidlab, ikkinchi Respublika Yoshlar forumi siz kabi yosh avlodning Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘z maqsad va g‘oyalaringizni bekami-ko‘st ro‘yobga chiqarishingiz, osoyishta va farovon turmush kechirishingiz hamda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirishingizda, shubhasiz, muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deya ta’kidladi.
Bitiruvchilar marosimda «Veterinar qasamyodi»ni qabul qilishdi. Shundan so‘ng, Forum yakunida tanlov va musobaqalar g‘oliblarini turli nominasiyalar bo‘yicha tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Gala - konsertda o‘zbek estrada yulduzlari Otabek Mutalxo‘jayev, Samir hamda shahrimizning xushovoz xonandalari ishtirok etishdi.
Axborot xizmati
2023-11-06
2023-03-01
2023-03-17
2022-05-17