XALQARO STANDARTLAR ASOSIDA MUTAXASSISLAR TAYYORLAYMIZ

Markaziy Osiyoda yagona – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hozirda dunyoning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirmoqda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik almashuv dasturlari asosida Erasmus+, Twinning, Buznet, IAEA loyihalari doirasida ta’lim maskani professor – o‘qituvchilari va talaba – yoshlari xalqaro darajadagi seminar va treninglarda muntazam ishtirok etishadi.   Bugun universitetda 23 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 6122 nafar bakalavr, 32 ta mutaxassislik bo‘yicha 246 nafar magistrlar tahsil olishmoqda. Veterinariya sohasida mutaxassis - kadrlar tayyorlash tizimi xalqaro standartlarga mosmi? Bu yo‘lda universitetda qanday ishlar amalga oshirilyapti? Mehnat bozori talablari asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishning bugungi kundagi dolzarb masalalari va ularning yechimlari nimalardan iborat?

Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Qishloq xo‘jalik vazirliklari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Veterinariya va chorvachilik sohalarida kadrlar tayyorlashda oliy ta’lim va texnikumlar uchun o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirishning asosiy tamoyillariga bag‘ishlangan Respublika o‘quv-uslubiy seminarida yuqorida qayd etilgan masalalar muhokama etildi.

“ - Ta’lim maskani maqomi oshirilgach, Prezident qaroriga asosan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar Universiteti mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik mutaxassislari tayyorlaydigan tayanch oliy ta’lim muassasasiga aylandi. Xalqaro standartlar bo‘yicha, bu mutaxassislar minimum 5 yildan 7 yilgacha muddatda tayyorlanadi. Biz o‘quv – uslubiy dastur va rejalarimizni shu talablar asosida amalga oshirishimiz lozim” - deydi seminar ishini ochib bergan rektor, professor Xudaynazar Yunusov.

O‘quv – uslubiy seminarda mamlakatimiz va horijdan 15 ta OTMlari va 20 ga yaqin professional ta’lim maskanlarining vakillari ishtirok etishdi.

Oliy va professional ta’limda kredit tizimi asosida o‘quv reja va fan dasturlarini takomillashtirish hamda ularni uzviyligini ta’minlash mavzusida universitet o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i, professor v.b. Raxmatulla Ro‘ziqulov,

Veterinariya meditsinasi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti dekani Shukurulla Qurbonov,

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda veterinariya xizmati, fan-ta’lim -ishlab chiqarish integrasiyasi hususida  Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani, professor Ravshan Davlatovning ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Bozorboy Elmurodov hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti direktori. q.x.f.d. dotsent Erkin Shaptakovning ma’ruzalari ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“ - Bugun  mahalliy bozorda ham, xalqaro mehnat bozorida ham bu mutaxassislarga talab o‘ta yuqori. Kadrlar salohiyati bir nechta muhim omillarga bog‘liq. Ta’lim sifatining oshishi uchun avvalo moddiy - texnik baza, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar bo‘lishi, har bir mutaxassislik va yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy va yuqori pedagogik mahoratga ega jamoaning shakllanishi, qolaversa horijiy tajriba, ilg‘or OTMlar bilan mobillik muhim rol o‘ynaydi. Bugun biz shu masalalarni muhokama qildik” - deydi Universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Abdug‘ani Elmurodov.

Seminar ishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim tadqiqotlari, ilg'or texnologiyalarni joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Esanov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i S.Mavlonovlar ishtirok etishdi.

 

Axborot xizmati

LTR RTL