Ayol - millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Ayolga ehtirom ko‘rsatish - xalqimizga xos oliyjanob qadriyat” shiori ostida “Muqaddassan ayol” mavzusidagi bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Bayram kechasini universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov tabrik so‘zi bilan ochdi va barcha mehmonlarni va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutladi. Ma’ruzachi o‘z nutqida bugun jamiyatimizda ayollar va xotin – qizlarga ko‘rsatilayotgan davlat siyosati darajasidagi e’tiborni alohida ta’kidladi.
“ - Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida jami 775 nafar professor - o‘qituvchilar, ishchi hodimlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 295 nafarini, 6 yarim ming nafardan ziyod talaba – yoshlarning 32 foizini, ya’ni 1632 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Universitetni bir oila deb, tasavvur etsak, xotin - qizlar, ayollar xonadonimiz, katta ahil jamoamizning fahri - iftihori va g‘ururidir. Ular bilan hayotimiz go‘zal, fayzli va farahbahshdir. Ular orasida mamlakatimizga taniqli bo‘lgan olima ayollarimiz, a’lochi va bilimdon talaba qizlarimiz, mehnatkash va fidoyi ishchi - hodimlarimiz borligi meni hamisha g‘ururlantiradi. Joriy yilda davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarimizning ikki nafarini ham qizlar tashkil etadi. Ularga ko‘rsatilayotgan e’tiborning natijasi o‘laroq, universitetimizda Magistratura bo‘limida tahsil olayotgan 16 nafar talabamizning kontrakt mablag‘lari davlat tomonidan to‘lab berilmoqda!” – dedi ta’lim maskani rahbari professsor Yunusov o‘z so‘zida.
Tadbir davomida Yoshlar masalalari va ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Alibek Gʻafforov tomonidan universitet rektorining buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra, bayram munosabati bilan ta’lim maskanida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ayollar, xotin – qizlarga byudjet mablag‘lari hisobidan pul mukofotlari ajratilganligi e’lon qilindi. Shundan so‘ng tadbirda ta’lim sohasida alohida xizmat qo‘rsatgan fidoyi ayollar, xotin – qizlarga universitet rektorining “Fahriy yorlig‘i” va “Tashakkurnoma” lari taqdim etildi.
Xotin – qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Jamila Sayfiddinovaning sa’y – harakatlari bilan tadbirga katta Ustozlar – nuroniy onaxonlar ham taklif etilgani ko‘pchilikni hushnud etdi. Universitetda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, ayni kunda nafaqada bo‘lgan Ustozlar davraga yanada fayz kiritdilar. Ularga alohida ehtirom ko‘rsatilib, bayram sovg‘alari taqdim etildi.
San’atkorlar va ijodkor talaba - yoshlarning chiqishlari davrani jonlantirdi. Shundan so‘ng barcha mehmonlar bayram dasturxoni atrofida kechani davom ettirdilar.
Axborot xizmati
2023-11-06
2023-03-01
2023-03-17
2022-05-17