BAXTIM SHU – O‘ZBEKNING ZULFIYASIMAN!

Bugun, bahorning birinchi kunida mamlakatimizda o‘zbek she’riyatining otashnafas shoiralaridan biri, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi Zulfiyaxonim tavalludining 108 yilligi keng nishonlanmoqda. Shoirani bilmaydigan, uning biror she’rini yod olmagan yoki eshitmagan zamondoshimiz bo‘lmasa kerak. She’r tili bilan aytganda, shoira o‘z she’rlari bilan kishilarni nafosatga, ezgulikka oshno etib, oppoq tong sari yetaklab, qalb harorati bilan isitib kelmoqda.

Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “BAXTIM SHU – O‘ZBEKNING ZULFIYASIMAN” deb nomlangan adabiy – badiiy kecha tashkil etildi.

 Ma’rifiy tadbirni universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov ochib berdi. “Zulfiyaxonim ijodi ko‘p yillar o‘tsada, dolzarbligini yo‘qotmaydi, u avlodlar qalbida vafo va sadoqat ramzi bo‘lib qolaveradi. Shoiraning Vatan, oila yoki baxt haqidagi qarashlari yosh avlod uchun hamisha o‘rnak, na’muna bo‘lib qoladi”, deydi o‘z so‘zida ta’lim maskani rahbari.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlaridan biri Zulfiyaxonim nomidagi mukofotdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 1999 yil 10 iyundagi farmoniga binoan ta’sis qilingan mukofot 25 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlarga adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun beriladi. Mukofot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ikki nafar vakillariga bir yilda jami 28 ta beriladi. Pul mukofoti eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorini tashkil etadi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari bo‘lgan maktab, lisey, kollej o‘quvchilari tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi. Mukofot O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi rahbarlik qiladigan komissiya xulosalari asosida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan har yili 8 mart — Xotin-qizlar kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.

Madaniy - ma’rifiy kechada shoira ijodi va hayoti haqida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Universitetning ijodkor yoshlari tomonidan Zulfiyaxonim qalamiga mansub el ichida mashhur bo‘lib ketgan she’rlar va balladalardan parchalar ijro etildi, kuy – qo‘shiqlar kuylandi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirokchilar tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.

 

Axborot xizmati

LTR RTL