O‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiydan keyin o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojida o‘ziga xos iz qoldirgan zotlardan biri buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburdir. Uning hayoti, o’zi e’tirof etganidek, sarson-sargardonliklarga to‘la bo‘lgan. "Jaloyi Vatan bo‘lmoqlik"(Vatandan judo bo‘lish) azobini boshidan kechirib, bir umr Vatan sog‘inchi bilan yashagan muborak zot hayotining ham, ijodining ham bosh shiori yaxshilik qilish bo‘lgan. Hazrat tahlikali hayot yo‘llarida ham "Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q, Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘" deydilar. Bu bilan insoniyatni bir-biriga yaxshilik qilib yashashga hamda yillar o‘tsa-da, o‘zlaridan yaxshi nom qoldirishga chorlaydilar. Umri mobaynida yuksak saviyadagi asarlar yozib, hatto 20 yoshida "Xatti Boburiy" alifbosini yaratib tillarga tushgan ajdodimiz faoliyatini o‘rganish, uning ijodini targ‘ib va tashviq etish zimmamizdagi eng muhim vazifa sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "BUYUK SHOIR VA OLIM, MASHHUR DAVLAT ARBOBI ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDINING 540 YILLIGINI KENG NISHONLASH TO‘GʻRISIDA"gi Farmoni e’lon qilingani ushbu sohada bajarilishi zarur bo‘lgan ma’lum bir amaliy ishlarimiz borligini ko‘rsatdi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti O'zbek va rus tillari kafedrasi o'qituvchilari hamda Samarqand shahar 5-son Madaniyat markazi hamkorligida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyondasi, shoh va shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Boburning bebaho merosi” deb nomlangan teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirni universitet rektori Xudoynazar Beknazarovich Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirga mehmon bo'lib tashrif buyurgan SamDCHTI O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti M.Xalova yig'ilganlarga Bobur hayoti haqida ma'lumotlar berdilar.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, betakror qo‘shiq, she’r va raqslar namoyish etildi. Mirzo Boburning qalbidagi tuyg‘ular uning ijodiyotida o‘z aksini topgan. Shu qadar nozik ta’b, shu qadar hassos qalb ila qismatning bu qadar og‘ir sinov daryolarini kechib o‘tishiga qaramay, shoirning shaxs sifatida o‘zini, o‘zligini, iymonini bus-butun saqlab qolishi, chindan ham ibrat olsa arzigulik jasoratdir. Talaba - yoshlar o‘z chiqishlarida Bobur ijodining mana shu tomonlarini ko‘rsatishga harakat qildilar.
Tadbir so‘ngida universitetda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Q.Gapparov so‘zga chiqib, Z.M.Bobur tavalludi bilan Olloh xalqimizga takalluf etgan kun barchamizga muborak bo‘lishini tilab, tadbirni yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishida bosh-qosh bo‘lgan tashkilotchilarga, xususan, O‘zbek, rus tillari va adabiyoti kafedrasi o’zbek tili fani o‘qituvchilari hamda talabalarga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan ishtirokchilarga universitet rektorining faxriy yorliq va estalik sovg‘alari topshirildi.
Axborot xizmati