Taqdqiqot sohalari
Veterinariya
Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi.
Shaxsiy ma’lumotlar
Mehnat staji 41 yil. Mazkur vazifada 2016 yildan buyon ishlamoqda.
Veterinariya fanlari doktori, professor.
U 2011 yilda “O‘zbekistonning turli ekologik sharoitlaridagi qo‘ylar avtopodiy suyaklari postnatal ontogenezi” mavzusidagi doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
N.Dilmurodov bugungi kungacha 250 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifidir. Jumladan, 7 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta uslubiy, 3 ta monografiya, 8 ta metodik tavsiyalar chop ettirgan hamda bir qator milliy va xorijiy konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
N.Dilmurodov Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Kipr, Slovakiya, AQSH, Nepal va Rossiya Federatsiyasi davlatlarining nufuzli universitetlarida malaka oshirib kelgan. 2014 yildan buyon Yevropa Ittifoqi Tempus dasturining UZHELTH, Erasmus + dasturining BUZNET, SPHERA xalqaro loyihalarda ishchi guruh rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Universitetning xalqaro miqyosda obro‘sini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalar, professor-o‘qituvchilarning davlatlararo o‘zaro tajriba almashish ishlariga katta hissa qo‘shmoqda.
N.Dilmurodov tomonidan xalqaro loyihalar hisobidan qiymati 350 mln so‘m bo‘lgan zamonaviy diagnostik jihozlar hamda 100 mln so‘mlik komp’yuter sinfi olib kelinib, o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlarida samarali qo‘llanilmoqda. Xorijiy universitetlar tajribalari asosida yangi magistratura mutaxassisligining huquqiy-me’yoriy hujjatlarini tayyorlab, “Favqulodda vaziyatlarda veterinariya nazorati va jamoat salomatligini saqlash” magistratura mutaxassisligini ochishda bevosita ishtirok etgan.
N.Dilmurodovning ilmiy rahbarligida 1 ta fan doktorligi (DSc), 7 ta falsafa doktorligi (PhD) dissertatsiyalari, 5 ta Magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Bugungi kunda 2 nafar tayanch doktorantlarga, 5 nafar mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
N.Dilmurodov 2012 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zosi sifatida dissertatsiyalar muhokamasida faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, 10 ta doktorlik (DSc) dissertatsiyalariga rasmiy opponentlik qilgan.
N.Dilmurodov 2016 yilda “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovining “Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagogi” nominatsiyasi bo‘yicha Respublika bosqichi g‘olibi Faxriy diplomiga sazovor bo‘lgan. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasining tanlovi stipendiati bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining Bryansk davlat agrar universitetida bir oy muddatga malaka oshirib kelgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining “Veterinariya fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.