QABUL NIZOMI

QABUL NIZOMI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
TEXNIKUMLARNI MUVAFFAQIYATLI TAMOMLAGAN BITIRUVCHILARNI OLIY TA’LIM MUASSASALARINING BAKALAVRIAT TA’LIM YO‘NALISHLARIGA SUHBAT ASOSIDA O‘QISHGA QABUL QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, oliy va professional ta’lim muassasalarining o‘zaro integratsiyasini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son Farmoni 3-bandiga muvofiq 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘lishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar toifasi (texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5 (a’lo)” va “4 (yaxshi)”, biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (a’lo)” bo‘lgan bitiruvchilar)ni belgilash;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali bitiruvchilarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish;
oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlarini o‘rganish va o‘rganish natijalari bo‘yicha bitiruvchiga xabar berish;
oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filial direktorlari) tomonidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda Suhbat komissiyasini tuzish;
bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat jarayonlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari hamda Suhbat komissiyalari tomonidan tashkil etilishi;
talabalikka tavsiya etilgan bitiruvchilar ro‘yxatini oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilish hamda ularga to‘lov-kontrakt blankalarini berish;
to‘lov-kontrakt shartlarini to‘liq bajargan bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filial direktorlari) tomonidan tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichiga talabalikka o‘qishga qabul qilinishi.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
uch oy muddatda texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish uchun ularni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan elektron tizimni ishlab chiqsin va ishga tushirsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.H. Toshkulov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

https://lex.uz/uz/pdfs/5818575       https://lex.uz/uz/docs/-5818575