Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan Iqtisodiyot yo‘nalishining 150 nafardan ortiq talabalari ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.

Ochiq muloqotda “O‘zMilliybank” AJ, “Aloqabank” AT va “O‘zsanoatqurilishbank” AT Samarqand filiallari mas’ullari, universitet Registrator ofisi vakillari hamda oliygoh mas'ul rahbarlari qatnashdilar.

Suhbat davomida bank mutaxassislari oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, amaliyot davrida qo‘shimcha bank to‘lovlarini ajratish hamda yoshlar uchun imtiyozli kreditlar ajratish tartiblarini tushuntirishdi.

Shuningdek, uchrashuvda xotin-qizlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, jumladan, talaba-qizlar uchun foizsiz ta’lim kreditlari va magistratura shartnoma to‘lovlarining davlat tomonidan qoplanishi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muloqot yakunida talabalar o‘z savollariga batafsil javob olishib, tayyor biznes-rejalar taqdimoti bilan tanishdilar. Bunday tizimli ishlar natijasida hozirgacha universitet bitiruvchilari 1 milliard 450 million so‘mlik imtiyozli kreditlar olib, o‘z xususiy tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishga erishishgan. Tadbirdan fotolavhalar