Bu qadim va ko‘hna kentda yashovchi har bir fuqaro shu zaminda yashayotganidan, shu yurt fuqarosi ekanidan haqli ravishda fahrlanadi, deb ayta olaman. Samarqandning tuprog‘i zar, suvi shifobahsh, havosi esa tanga darmon beradi. Bu muqaddas tuproq Insoniyat tamadduniga ko‘plab buyuk daholarni ham taqdim etgan.
1996 yilning 18 oktyabr kuni sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yillik yubileyi tantanalarida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18 oktyabr - Samarqand shahar kuni deb belgilangan edi. Shundan buyon mana chorak asrdirki, ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinadi
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona qiyofasi, boy tarixi, har qanday odamni hayratga soladigan noyob obidalari bilan sayyoramizning turli o‘lkalarida afsonaviy shahar sifatida mashhur. Rim bilan bir qatorda turadigan “abadiy shahar” degan nom bilan Sharq gavhariga, bugun jahon ahlining albatta kelib ko‘rishi shart bo‘lgan 50 ta shaharning biriga aylandi.
Uch ming yillik tarixga ega Samarqand azaldan ilm, savdo-sotiq va hunarmandchilik markazi, shuningdek, dunyo tamaddunining yirik markazlaridan biri deya e’tirof etilgan. Bu azaliy an’analar bugungi kunda ham davom ettirilmoqda;
Shu kunlarda Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” (Boqiy shahar) sayyohlik majmuasida BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Samarqand shahriga “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim qabul qilindi.
Bu nufuzli xalqaro tadbirda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev shaxsan ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi.
25-sessiyasi doirasida Global investisiya forumi va ko‘rgazmasi o‘tkazildi, shuningdek forumda vazirlar va xalqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi hamda 22 ta taqdimot o‘tkazilganligi ham diqqatga sazovordir.
Forum davomida O‘zbekistonning 14 ta hududi mavjud turistik-investision salohiyati, 3 ta turistik-rekreasion zona (Zomin, Chorvoq, Chimyon), Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, 4 ta startap loyihalari (Yaponiya, Chexiya, Fransiya va Braziliya) namoyish etildi.
Demak aytish mumkinki, shahrimiz qadimdan Buyuk ipak yo‘lidagi ilm va madaniyat o‘chog‘i bo‘lishi bilan birgalikda, ayni kunga kelib Turizm markaziga, qolaversa madaniy turizm poytaxtiga aylanib bormoqda.
Samarqandliklar bu bilan g‘ururlanishadi!
Barcha yurtdoshlarimizni Samarqand shahri kuni bilan universitet jamoasi nomidan muborakbod etaman!
Go‘zal shahrimiz yanada gullab yashnayversin, biz olimlar, tadqiqotchilar esa uning farovonligi yo‘lida mehnat qilishdan tolmaymiz!
Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori
2023-04-29
2023-04-20
2024-03-21
2023-07-28
2023-11-17