Bugun yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz farovonligi, inson qadri va erkin taraqqiyot timsoli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini katta shodu xurramlik bilan nishonlamoqdamiz.
Qadrli professor-o‘qituvchilar, olimlar, jamoamiz a’zolari va hurmatli talabalar!
Barchangizni xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va eng aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ma’lumki, bu yil yurtimizda Mustaqillik bayramimizni «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan ezgu g‘oya asosida katta shodu xurramlik bilan nishonlamoqdamiz.
Mustaqillik — biz uchun, avvalo, o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash, erkin va farovon hayot qurish, milliy qadriyatlarimiz, tilimiz, ma’naviyatimiz va tarixiy xotiramizni tiklash imkonidir. O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz shuni ko‘rsatdiki, xalq va davlat yagona maqsad atrofida birlashib, astoydil harakat qilsa, eng yuksak marralarni ham zabt etish mumkin.