VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!


Bugun yurtga obodlik, taraqqiyot va insonga qadr bergan mustaqilligimizning 34 yilligini nishonlamoqdamiz. Mustaqillik - yurtni, millatni birlashtiradigan yagona kuch, ko‘p millatli halqimizning irodasi, uning hurriyat haqidagi azaliy orzularidir.
Bugun, mana shu ulug‘ ayyom kunlarida hammamiz bir hayotiy haqiqatni chuqur his etmoqdamiz. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda. Aynan ana shu ulug‘vor g‘oya asosida biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan idrok etdik. Yurtimiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans an’analarini rivojlantirib, Uchinchi Renessans sari dadil amaliy qadamlar qo‘ymoqdamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev butun xalqimizni, xorijdagi vatandoshlarimizni davlatimiz mustaqilligining 34 yillik shonli sanasi bilan yo‘llagan tabrigida mamlakatimiz o‘g‘il-qizlari sanoat, ilm-fan, madaniyat va sportda katta yutuqlarga erishayotganini ta’kidlab, ularni e’tirof etib, butun O‘zbekiston yoshlariga qarata shunday dedi:
“Aziz farzandlarim, doimo yodda tuting: baxt – intilganniki, g‘alaba – kurashganniki! Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi. Hamisha oldinga qarab intiling, bahodir o‘g‘lonlarim, oqila qizlarim! Sizlarning ezgu ishlaringizda Vatan, xalq, Prezident barchangizga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladi!”.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida geosiyosiy vaziyatga ham to‘xtaldi. O‘zbekistonning ovozi mintaqaviy va xalqaro maydonda tobora baland yangrayotgani, yurtimizda ko‘plab nufuzli sammitlar o‘tayotgani ta’kidlandi. Shu o‘rinda O‘zbekistonning tashqi siyosat borasidagi pozisiyasi yana bir bor qayd etib o‘tildi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, mamlakat mustaqilligining 34 yillik sanasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlanadi.
Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.
Shuningdek, «Ona diyor — ranglar jilosida», «Vatan uchun yashaylik!», «Eng ulug‘, eng aziz» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.
Bugun O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi, fidoyi olimlari, bilimli va zakovatli yoshlari Vatanimizning ravnaqi yo‘lida mehnat qilib, uning yuksalishiga munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.  
O‘z navbatida, oliyjanob va mehridaryo xalqimiz, mehnatkash yurtdoshlarimizni davlat mustaqilligining 34 yilligi bilan chin yurakdan muborakbod etib, barchaga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt, sog‘lik-omonlik tilab qolaman.
«Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan eng ulug‘ va muqaddas bayramimiz - istiqlol ayyomi shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda davom etaveradi. Mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi xalqimizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib qolaveradi.
Vatanimiz osmoni musaffo, sarhadlari daxlsiz, chegaralarimiz mustahkam, hayotimiz yanada farovon, mustaqilligimiz va ravnaqimiz abadiy bo‘lsin! Hamisha navqiron va betakror yurtimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, hayotingizdan, xonadoningizdan esa hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan sa’y - harakatlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar va omadlar yor bo‘lishini tilayman.
Barchamizga yana bir bor jonajon O‘zbekistonimiz Mustaqilligining 34 yilligi muborak bo‘lsin!

 

Hurmat bilan, 
Xudaynazar Yunusov,
SamDVMCHBU rektori,
Biologiya fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan
chorvador.