XOTIRA – ABADIY, QADR - MUQADDAS!



Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, aziz talabalar! Avvalo, barchangizni 9-may - Xotira va qadrlash kuni hamda ikkinchi johon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

    Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

    Ajdodlarni xotirlash va keksalarni e’zozlash, ulug‘ qadriyat hisoblanib, bu borada mamlakatimizda har yili qabul qilinayotgan dasturlarda yoshi ulug‘, nuroniylarga bo‘lgan hurmat, e’tibor diqqat markazidadir.

   9-may yurtimizda keng miqyosda “Xotira va qadrlash kuni” katta tantanalar bilan nishonlanib 1941 - 1945-yillar urush va mehnat frontida tinchlik uchun kurashib halok bo‘lgan jasur va matonatli o‘g‘lonlar xotirasi yod etiladi hamda urush va mehnat frontida jasorat ko‘rsatgan nuroniylarimiz e’zozlanishi xalqimizga xos qadriyatlar ko‘zgusi sanaladi.

    O‘zbeklar azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibotiga bag‘ishlangan buyuk milliy va ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.

    9-mayni Xotira va qadrlash kuni sifatida umumxalq bayrami deya e’tirof etilishi zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad va g‘oya o‘rin olgan.

    Oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat - mashaqqat chekkanlar bor.

    O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish xukumatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan bo‘lib, har yili millat qahramonlari munosib tarzda rag‘batlantirilib kelinadi. Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati avval - boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.

    Mustaqillik yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobining chop etilgani ham ular xotirasi uchun ahamiyatli ish bo‘ldi. Hozirda urush qurbonlarining nomlari “Xotira maydoni”ga o‘rnatilgan temir “daftar”ga ham zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan.

    Inson bu dunyoga baxtli yashash uchun keladi. Barcha ne’matlar Inson va uning manfaati uchundir. Bugungi tinch va farovon kunlarimiz uchun esa ular oldida qarzdormiz!

    Barcha yurtdoshlarimizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor muborakbod etaman.

    Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!

 

Xudaynazar Yunusov,

Samarqand davlat veterinariya medisinasi,

chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.