Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 21-oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati tilimizning buyukligi, boyligi va betakrorligini tarannum etuvchi “Ona tilim - iftixorim” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
SamDVMCHBU O‘zbek,
rus tillari va adabiyoti kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan kechada
universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet rektori, professor X.Yunusov ochib berdi va ishtirokchilarni o‘zbek tili davlat tili deb tan olingan kun bilan muborakbod etdi. Rektor barchani bu qutlug‘ kun bilan tabriklar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini, buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkinligini aytib o‘tdi.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Tadbir mehmoni - Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti filologiya fanlari doktori (DSc) Mavlon Boboxonov O‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turgani xususida gapirdi.
Hozirgi kunda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bayram tadbiri
Universitet iqtidorli yoshlari va Talabalar teatr studiyasi tomonidan
tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan yanada qiziqarli bo‘ldi.