Ta’lim muassasalarida milliy tarbiyani samarali tashkil etish, zamonaviy bilim va tajribalarga ega bo‘lishda “Ustoz-shogird” an’analari muhim sanaladi. “Ustoz-shogird” an’analari - yoshlarda kasbiy mahoratni tarbiyalash barobarida ustoz shogirdiga yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatma beribgina qolmay, o‘z navbatida, ularni mustaqil faoliyatga tayyorlab, o‘zidan keyin ish-tajribani, bilim va mahoratni avloddan-avlodga o‘tishiga imkoniyat yaratadi.
Universitet rektori, professor X.Yunusov tomonidan fakultetlararo kafedralar professor-o‘qituvchilari bilan o‘tkazgan seminar-treningda bu yana bir bor ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ta’lim jarayonining qirralari mukammallashib borayotganligi, bu jarayonda tajribali professor-o‘qituvchilar yosh kadrlarga o‘z vaqtida yordam berishi, birgalikda o‘z sohasida ilmiy maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, turli loyihalar ustida birgalikda ishlashi, ustoz-shogirdlik an’analaridan o‘rinli foydalanish zarurligini ta’kidlab, bugungi kunda yosh mutaxassislarni har tomonlama shakllantirishga e’tibor har qachongiga nisbatan tezlashtirish ehtiyoji zamon talabiga aylanib, ularni kasbiy faoliyatini oshirishga qaratilayotgani, to‘plangan tajribalarni yoshlar ongiga yetkazish muhim ekanligiga allohida urg‘u berdi.
Davra suhbatida hayotda yozilmagan, ammo unga amal qilinmasa, xunuk oqibatlarga olib keladigan qonunlar borligi, shulardan biri ustoz va shogirdlik munosabatlari ekanligi yana bir bor ta’kidlanib, ustoz va shogirdlik odobi xususida ham so‘z bordi.
Shuningdek, universitet rektori, ustozlarning ilmiy va intellektual salohiyatini to‘liq safarbar etgan holda universitetni kelgusida jadal rivojlantirish, o'z sohasidan kelib chiqib maktablar yaratish, istiqbolda respublika va xalqaro reytinglarda nufuzli oliy o‘quv yurtiga aylantirish, sohada zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.