“XOTIRA - ABADIY, QADR - MUQADDAS!”




Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashga doir qator ishlar qizg‘in bormoqda. Bundan maqsad Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarni, tinch-osoyishta hayot, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib unumli mehnat qilayotgan ustozlarni qadrlash va shu orqali tinchligimizning shukronasini qilishdan iboratdir. Bu esa kishini ma’nan rag‘batlantiradi, elu yurtga sadoqat, qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan “Xotira - abadiy, qadr - muqaddas” shiori ostida o'tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etilgan tadbirlarda bu yana bir bor namoyon bo'ldi.

   Dastavval tadbirga taklif etilgan faxriy mehmon va professor-oʻqituvchilar universitetda tashkil etilgan, ilm-fan, ta’lim-tarbiya fidoylari, mohir pedagog va tashkilotchi rahbarlar, aziz ustozlarimiz, veterinariya fanlari doktori, professor Hayitov Ro‘zi Hayitovich, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, veterinariya fanlari doktori, professor Ergashev Erkin Hamidovich, Biologiya fanlari doktori, professor Hamdamov Iskandar Hamdamovichlar nomiga atab ochilgan o‘quv xonalari hamda universitet tarixi muzeyiga tashrif buyurishdi.

    Tashrif davomida mehmonlar universitetda yosh avlod uchun yaratilgan sharoit va berilgan imkoniyatlar bilan tanishish barobarida bu dargohda ishlab, umrini ilm rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarning benazir ijodi va ibratli hayoti bilan bogʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

    Shundan soʻng, tadbir universitet “Madaniyat saroyi”da davom ettirilib, universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov faxriylarni bayram bilan tabriklab, Xotira va qadrlash kuni, deb nom olgan bu sana yurtimizda umumxalq bayramiga, haqiqiy anʼanaga aylanib qolgani, xotira va qadrlash tushunchalari asl milliy qadriyatlarimizga javob berib, ota-bobolarimizdan qolgan ham diniy, ham insoniy urf-odatlarimiz ekanligini taʼkidladi.

    Universitet ijodkor yoshlari tomonidan yangragan kuy-qoʻshiqlar esa tadbirga yanada koʻtarinki ruh baxsh etdi.