Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Biotexnologiya kafedrasi tomonidan “Biotexnologiyaning oziq-ovqat xavfsizligidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.


Konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi va Pokistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlari vakillari onlayn va an’anaviy formatda ishtirok etdilar.


Tadbir davomida zamonaviy biotexnologiyaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyati, qishloq xo‘jaligi ekinlari va hayvonlarining genetik muhandisligi, molekulyar seleksiya, biofaol moddalar olish texnologiyalari, nanobiotexnologiya hamda bioxilma-xillikni asrash masalalari muhokama qilindi.


Konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar tinglanib, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdilar. Shuningdek, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur xalqaro konferensiya olimlar, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, biotexnologiya sohasidagi yangi yutuqlarni keng targ‘ib etish hamda istiqbolli ilmiy izlanishlar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.