“YUQUMSIZ PATOLOGIYALARNI DIAGNOSTIKASI VA PROFILAKTIKASINING INNOVATSION USULLARI”



Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Yuqumsiz patologiyalarni diagnostikasi va profilaktikasining innovatsion usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Konferensiyani ochib bergan universitet rektori, professor, QR qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi akademigi Xudaynazar Yunusov anjuman ishtirokchilarini tabriklab, konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

    Rektor o‘z so‘zida bugungi kunda dunyo aholisini sifatli ekologik sof chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va shu orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash asosiy dolzarb vazifalardan biri bo‘lib kelayotgani, mamlakatimizda chorva mollarining respublika iqlim sharoitiga moslashgan zotlarini chet davlatlardan keltirish, ulardan nasl olishni ko‘paytirish, saqlash va parvarishlashning sifatini oshirish hisobiga mahsuldorlikni ko‘paytirish kabi dolzarb vazifalar amalga oshirililayotganini ta’kidlab, Respublikamizda parvarishlanayotgan qishloq xo‘jalik hayvonlari va parrandalarda turli yuqumsiz patologiyalarning uchrashi chorvachilikning keng ko‘lamda rivojlanishi, ulardan genetik potensiali darajasida foydalanish imkoniyatlarini cheklashi, yuqori mahsuldor hayvonlarni chetdan keltirib ulardan samarali foydalanish, sog‘lom nasl olish, bosh sonini ko‘paytirish, mahsuldorligini oshirish hozirgi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanishi, bugungi konferensiya ham ana shu masalalar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini aytib o‘tdi.

    Shuningdek, konferensiyada ishtirok etgan universitet Ichki yuqumsiz kasalliklari kafedrasi professori Qurbon Norboyev, Sankt-Peterburg davlat veterinariya meditsinasi universitetidan Aleksey Prusakov, Qozoq milliy agrar tadqiqotlar universiteti dotsenti Almas Tug‘anbay va boshqalar yuqumsiz patologiyalarni davolash va oldini olish uchun ketadigan sarf xarajatlar fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy o‘sishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgani bois ushbu kasalliklarni barvaqt diagnostika qilish va oldini olish usullarini joriy etish bugungi kundagi veterinariya ilm fani oldidagi muhim vazifalardan biri bo‘lib hisoblanishini, hayvonlarda uchraydigan yuqumsiz kasalliklarni, jumladan yosh hayvonlar kasalliklari (Alimentar gipotrofiya, dispepsiya, bronxopnevmoniya, D-gipovitaminoz), katta yoshdagi hayvonlarda gipovitaminozlar, mikroelementozlar, jigar kasalliklari, surunkali ovqat hazm tizimi kasalliklari, subklinik ketoz kasalliklarini faqat dispanserlash o‘tkazish orqali ertachi diagnostika qilish va guruhli oldini olish orqali yuqori samaradorlikka erishish mumkinligi, fermer xo‘jaliklari sharoitidagi mahsuldor hayvonlarni saqlash va oziqlantirishda ularning yoshi, tana vazni, fiziologik holati va mahsuldorligini hisobga olmaslik ularda moddalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar hamda bepushtliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani, sigirlarda sut mahsuldoligining kamayishi, qisr qolishi va boshqa veterinariya xarajatlarning ortishi hisobiga xo‘jaliklar iqtisodiy zarar ko‘rayotgani kabi muhim masalalarga to‘xtaldi.

    Konferensiya “Veterinariya terapeyasining dolzarb muammolari va ularning yechimlari” va “Klinik diagnostikaning dolzarb muammolari va yechimlari” shoʻbalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.