“YОSHLAR VA INNOVATSION QISHLOQ XOʻJALIGI”

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasining qoʻshma qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Oliy taʼlim muassasalarining talaba-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Yoshlar va innovatsion qishloq xoʻjaligi” tanlovining fakultetlararo universitet bosqichi boʻlib oʻtdi.



Tanlovda ishtirok etgan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov tanlovni ochib berib, mazkur tanlov mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” gʻoyasi asosida taʼlim va qishloq xoʻjaligida bilim hamda ilm-fan yutuqlari, innovatsion va ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etish salohiyatiga ega yangi avlod kadrlarini shakllantirishga qaratilgan kadrlar siyosatini izchil amalga oshirish hamda ularning sohaviy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy bilimlari va savodxonlik darajasini aniqlash, sohada xalqaro talablar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, bu borada oʻz tengdoshlariga ibrat namunalarini koʻrsatayotgan iqtidorli talabalarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilayotganligi, bugungi davr yoshlari har qachongidanda bilimli, dunyoqarashi keng, oldiga qoʻyilgan aniq maqsadi va rejalari sari shijoat bilan harakat qilayotganligini taʼkidlab, barcha talaba-yoshlarga omad tiladi.

Shuningdek, tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining 1-oʻrinbosari, professor Shuxrat Jabbarov ham ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim muassasalarining talaba-yoshlari oʻrtasida tashkil etilayotgan “Yoshlar va innovatsion qishloq xoʻjaligi” tanlovining maqsad-vazifalari haqida toʻxtaldi. Talabalarning yillar davomida olgan bilimlarini namoyon etish payti kelganligini taʼkidlab, ishtirokchilarga omad yor boʻlishini aytib oʻtdi.



Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamkorlikdagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “Yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasining milliy koordinatori Ulugbek Islamov esa mazkur tashkilot iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirishda oʻz bilim va iqtidorlarini namoyon etayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgani, mazkur tanlov yakuniy natijalarida ham yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlar munosib taqdirlanishini taʼkidladi. 



Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat havfsizligi fakultetining “Oʻzbekiston yoshlari” jamoasi, Zooinjeneriya fakultetining “Yuksalish”jamoasi, Biotexnologiya fakultetining “Meros” jamoasi, Agrotexnologiya fakultetining “Agroline” jamoasi, Iqtisodiyot fakultetining “Agroiqtisod” jamoasi, Mahsulotlarni qayta ishlash texnologiyasi va standartlashtirish fakultetining “Yosh texnologlar” jamoasi ishtirok etgan mazkur tanlovda hakamlar hayʼatining yakuniy xulosalariga koʻra, 1-oʻrin Zooinjeneriya fakultetining “Yuksalish”jamoasi, 2-oʻrin Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavsizligi fakultetining “Oʻzbekiston yoshlari” jamoasi va 3-oʻrin Iqtisodiyot fakultetining “Agroiqtisod” jamoasiga nasib oʻtdi. 

Gʻolib jamoalarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili boʻyicha maslahatchisi Malika Abduhakimova hamda universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusovlar tabriklab, qolgan jamoalar ham turli nominatsiyalar boʻyicha munosib ragʻbatlantirildi.

 

LTR RTL