“Karyera kuni”: talabalarga 1600 ga yaqin ish oʻrinlari taklif etildi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida joriy yilning 26-aprel kuni talabalar bandligini taʼminlash maqsadida “Zamoniy kadrlash tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash, bitiruvchilarni oʻz mutaxassisliklari boʻyicha bandligini taʼminlash iqtiqbollari” mavzusida ochiq muloqot hamda “Karyera kuni” boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Samarqand viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan mehnat yarmarkasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi viloyat boshqarmalari, korxona va tashkilotlar vakillari boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi.

Universitetda ayni vaqtda 6044 nafar bakalavriat va 108 nafar magistratura mutaxassisliklari boʻyicha jami 6156 nafar talaba tahsil olmoqda.

Oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalariga koʻra, 658 nafar talaba ishlash istagini bildirgan. Joriy oʻquv yilida 23 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 1448 nafar, 100 nafar magistratura mutaxassisligi boʻyicha 5 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Hozirgi kunda universitet talabalarining qaryib 60 foizining bandligi taʼminlangan boʻlib, shu jumladan, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib 201 nafar talaba vakant lavozimlarga ishga joylashtirildi.

Universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov mazkur tadbirni kirish soʻzi bilan ochib berarkan, talabalarni  malakaviy amaliyotlari barqaror faoliyat koʻrsatayotgan yirik korxona, tashkilotlar, klasterlarda, 2022-yildan boshlab xorijiy ilgʻor kompaniyalarda oʻtashni tashkil etish yoʻlga qoʻyilganligi, bugungi tadbir bitiruvchi talabalar oʻzlari istagan kasb va hayot yoʻlini tanlashida muhim omil boʻlishini taʼkidladi. Ish beruvchi korxona va tashkilot rahbarlari talabalar bilan uchrashib, ikki va uch tomonlama shartnomalar imzolashi, bitiruvchilar bandligini taʼminlanishida hamkorlik qilayotganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Karyera kuni” tadbirida ish beruvchilar tomonidan talabalarga oʻzlarida yaratilgan sharoitlar, ishlash uchun talab qilinadigan malaka va koʻnikmalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Buning natijasida esa, 380 nafar talaba ishga joylashish uchun yoʻllanmalar oldi. Ulardan 201 nafari shartnoma imzolashga ham ulgurdi.

Qayd etish joizki, universitet tomonidan 60 dan ortiq yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar bilan hamkorlik oʻrnatilib, yil yakuniga qadar 1500 nafar talabaning bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Ayni shu maqsadda “Siyob-Shavkat-Orzu” klasteri, “Buxoro qorakoʻl klasteri”, “Buxoro agroklasteri”, “Navoiy yangi asr” klasteri, “Zarafshon parranda Lomann” MCHJ, “Bogʻbon IN-VITRO” biotexnologiya laboratoriyasi, “AgroMIR” MCHJ, “Meva-Marakand” MCHJ, “Qorakoʻlchilik uyushma”, “Chorvanasl” agentligi, Respublika va viloyatlar “Agromashservis” MTP MCHJ, “Juma elevator” AJ, “Kamalak invest” klasterlari singari korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi tadbir fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani yanada rivojlantirish, talaba-yoshlarning bandligini taʼminlashda belgilangan davlat siyosatining amaldagi ifodasi boʻldi.

 

LTR RTL