Zamonaviy laboratoriyalar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi

Biotexnologiya – mamlakatimiz uchun nisbatan yangi soha. Taraqqiyot natijasida vujudga kelgan - qishloq xo‘jaligi, sanoat va tibbiyotning turli sohalarida tirik organizm va biologik jarayonlardan foydalanadigan sanoat usullari majmui bo‘lgan bu soha - biologiya va texnika imkoniyatlarini bir paytda o‘zida mujassamlashtiradi.  

Biotexnologik jarayonlarni esa zamonaviy laboratoriyalarsiz tasavvur etish mushkul. Negaki, biotexnologiya sohasi bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Biotexnologiya usullari yordamida o‘simliklar va hayvonlarni gen muhandisligi yordamida yangi nav va zotlarini yaratish, hujayra muhandisligi yordamida noyob va yo‘qolish arafasida turgan o‘simliklarni ko‘paytirish, chorva ozuqalarini boyitish, yuqori mahsuldorlikka ega produtsentlarni ko‘paytirish, mikroorganizmlardan fiziologik faol moddalar olish, DNK tahlillarini o‘tkazish kabi muhim samarador  biotexnologik  usullarni chuqur o‘rganish  va  amaliyotga  joriy  etishdan  iborat.

Ta’kidlash o‘rinliki, biotexnologiya ta’lim yo‘nalishi talabalarini o‘qitishda zamonaviy jihozlangan laboratoriyalarni mavjudligi muayyan  nazariy  bilimlarni talabalar yetkazib  berish, bu olgan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish  yuzasidan  ko‘nikma  va  malakalarni  hosil  qilishda juda muhim rol o‘ynaydi.

Hozirgi kunda  respublikamizdagi barcha oliy ta’lim  muassasalarida  ta’lim  jarayonini takomillashtirish uchun o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Biotexnologiya fanini  chuqur  o‘rganishda  laboratoriya  ishlarini  olib  borish  muhim  ahamiyatga ega.  Yangi  bilim  va  amaliy  ko‘nikmalarni  shakllantirish,  amaliy  o‘qitish  usullaridan foydalanish laboratoriya ishining asosiy mohiyati hisoblanadi. O‘quv jarayoniga qo‘yiladigan zamonaviy talablar  o‘qituvchilar va talabalar  faoliyatini  tashkil  etish  orqali  bilim, ko‘nikmalarni  shakllantirishga  yo‘naltiradi.

Universitetimizning biotexnologiya kafedrasi qoshida zamon talablariga mos bo‘lgan biotexnologiya o‘quv laboratoriyasi tashkil qilingan. Mazkur o‘quv laboratoriya zamonaviy laboratoriya jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. Hozirgi kunda laboratoriya dars mashg‘ulotlari va ilmiy tadqiqot ishlari uchun foydalanib kelinmoqda.

Dars mashg‘ulotlari davomida talabalar sun’iy ozuqa muhitlari tayyorlash texnologiyasi, sanoatda keng miqyosda ishlatiladigan produtsentlarni ko‘paytirish usullarini, o‘simlik hujayralaridan DNK ajratish, agarozali gelda DNK elektroforezini amalga oshirish, o‘simliklarni uchki apikal meristemasidan  “in vitro” usulida o‘stirish kabi muhim laboratoriya jarayonlarini amalga oshiradilar.

Biotexnologiya o‘quv laboratoriyasida talabalar o‘quv jarayonida olgan nazariy bilimlarga tayangan holda mashg‘ulotlarni olib borishyapti. Bu ularning kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lib chiqishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonlarni amalga oshirishda biz an’anaviy ta’limdan voz kechgan holda zamonaviy ta’lim, ya’ni zamonaviy jihozlangan laboratoriyalar va elektron ta’lim resurslaridan keng miqyosda foydalanyapmiz.

Biotexnologiya o‘quv laboratoriyasida tarkibi oqsilga boy bo‘lgan suv o‘tlar o‘stirilmoqda. Bu suv o‘tlardan chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik ozuqasiga oqsilga boy bioqo‘shimcha sifatida va oqova suvlarni tozalash maqsadida foydalanish kabi ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Darvoqe, bugungi kunda biotexnologiya fani o‘qituvchisi oldida turgan dolzarb muammolardan biri ta’limning zamonaviy texnologiyalarini loyihalash va uni o‘qitish amaliyotida qo‘llashdir. Universitetda ana shu jarayon uzluksiz, jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Aktam Nurniyozov,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining biotexnologiya fakulteti dekani, dotsent.

LTR RTL