Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
SamDVMCHBU rektori:
Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida joylashgan Ivan Pavlov nomidagi 48 – o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktabimiz o‘sha paytlarda 8 yillik edi. Ilk bor maktab ostonasida bizni kutib olgan va 3 yil davomida Alifbeni o‘rgatgan ustozim – Sherbobo Toshev edi. ( Ilgarilari hamma o‘qituvchilar asosan, erkaklar bo‘lgan) Qattiqqo‘l, juda adolatparvar va talabchan ustoz edi. Ilk hayot sabog‘ini, ma’rifatni o‘sha ustozimdan o‘rgandim. Tushunmagan, bilmagan narsalar haqida tortinmay so‘rayverardik. Ustoz javob berishga erinmasdi, savollarimiz javobsiz qolmasdi...
A’lochi edim, chorak baholari tugul, hatto kundaligimga ham “4” baho tushirmaslikka harakat qilardim, tengdoshlarim bilan bu borada qattiq musobaqalashardik. (Yetuklik attestatimda ham “4” baho yo‘q) O‘qishga ishtiyoq juda kuchli bo‘lgan bir davrlar edi. Har yili bir necha fan olimpiadalariga birdaniga qatnashardik. Biologiyadan chiqib kimyoga, undan so‘ng tarixga kirib ketaverardik. Odatda, har yili olimpiadalarga qatnashuvchilar bir xil bo‘lardi. Bunday o‘quvchilarga o‘qituvchilarning munosabati qanday bo‘lishini o‘zingiz bilasiz. Ustozlarimiz bilan juda qadrdon edik. Ustozlarimiz 7-8 sinflarda ba’zi darslarini ishonib, bizga topshirishardi, o‘zimiznikilarga dars ham o‘tganmiz. Hozir eslab, ularga qoyil qolaman – ularning fidoyiligi, sabr- toqati boshqacha edi-da. Agar biron mavzuga tushunmay qolsangiz, darsdan so‘ng qolib, soatlab tushuntirishi mumkin, vaqtini qizg‘anmaydi, hech qayoqqa shoshmaydi. Ularning asablari ham temirdek mustahkam bo‘lganmikin, deb o‘ylayman.
Moskvada o‘qib yurgan paytlarim ta’til vaqtlarida ulardan habar olib turardim. Oxirgi marta o‘tgan yili maktabimni ziyorat qildim. Shundan keyin yana ko‘plab ustozlardan ta’lim – tarbiya oldim. Ilm – fan darg‘alari, akademiklar, professorlar, ularning saboqlari bir umr xotiramga muhrlangan. Ular oldida o‘zimni qarzdor hisoblayman va barcha ustozlarimga ta’zim qilaman!
Gulchehra Berdiyorova suhbatlashdi
2022-05-13
2022-05-12
2022-05-17
2022-05-05