Azaldan oʻzbek xalqi nuroniylarimiz holidan xabar olib, yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi oʻziga xos qiyinchiliklari bilan tanishish barobarida ularning pand-nasihat va oʻgitlariga quloq tutib, kundalik hayotida amal qilishadi. Bu kabi uchrashuvlar tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etadi. Negaki, unda oʻtmish, hozirgi davr va istiqbol borasida soʻz yuritiladi.
Shoir Dilmurod Shonazarov , fotomuxbir Orif Olimov hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti talabalarining Oripovlar xonadoniga tashrifi shu ruhda tashkil etildi. Dastlab SamDVMChBU professori Razzoq Oripovning xonadonida shaxsiy kutubxona bilan tanishishdan boshlandi. Kutubxonada mingga yaqin oʻzbek va jahon adabiyoti dargʻalarining saylanma durdona asarlari hamda qishloq xoʻjaligiga oid sara kitoblar joy olgan.
Uchrashuv davomida Razzoq Oripov hayot yoʻli, oʻz sohasida olib borgan ilmiy va amaliy ishlari, unda uchragan baland - past yoʻllar xususida hikoya qilib berdi. Vatanni, xalqni seving va ular bilan yashang. Oʻzlaringni hech qachon qanday holat boʻlishidan qatʼiy nazar xalqdan baland qoʻymang, xalqni ichida boʻling -deydi Razzoq ota. Oʻzim ham bir qancha lavozimlarda mehnat qilgan boʻlsamda, ushbu tamoyil asosida ish olib bordim va bu esa oʻz yoʻlimni topishimda juda katta asqotgan.
R.Oripov xotiralarini birma - bir soʻzlar ekan xalqparvar, halol boʻlishlikni bot bot taʼkidladilar. Uchrashuv Bibisora Oripova uy muzeyiga sayohat qilish va u yerdagi eksponatlar bilan tanishish jarayoni bilan davom etdi. Mezeyda arxitektor Mamadali Gʻafforov chizgan Oripovlar shajara daraxti, Qashqadaryo viloyati Koson tumani Nekoʻz mahallasidagi Orif ota xonadoni maketi hamda turli xil eksponatlar bor.
Bu uch avlod uchrashuvi Oripovlar shajarasini oʻrganish bilan birga mushoira kechasiga aylandi . Oʻzbek adabiyoti namoyondalari maʼnaviy boy merosi hamda buyuk sarkarda Amir Temur jasoratlari alohida tilga olindi. Shoir Dilmurod Shonazarov va talabalar E.Vohidov , M.Yusuf, A.Qahhor, O.Sharafiddinov va A.Oripov ijodidan sheʼr oʻqishdi.
Biz Abdulla Oripovni shu paytgacha faqatgina Oʻzbekiston madhiyasi orqali, adabiyotdagi sheʼrlari va keltirilgan qisqartma maʼlumotlardagina bilardik -deydi Agrotexnologiya fakulteti talabasi Rahmatov Alisher. Bugungi suhbatda nafaqat Oripovning shaxsiyati haqida balki, M.Yusuv, E.Vohidov, kabi shoirlarning ham hayot zarlavhalari bilan tanishdik.
Darvoqe yaqin kunlarda Razzoq Oripov tabarruk 85 yoshni qarshilash arafasida turibdilar. Koʻplab shogirdlar ustozi Razzoq otaga farogʻatli umr tilaymiz.
Husan OLIMOV
Orif Olimov (foto)
Axborot xizmati
2022-05-13
2022-05-12
2022-05-17
2022-05-05