VATANNI SEVGAN HAR BIR KISHI UNING HIMOYACHISIDIR

Mamlakatimizda 1993-yil 29-dekabr kunidan buyon “14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni” sifatida bayram qilinadi. Aslida, Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burchdir. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari bo‘lgan Milliy armiyamiz va barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan halqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi” deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashimiz mumkin. Ha, Xalq va Milliy Armiya hamisha bir safda. Shuningdek, vatan himoyachisi bo‘lish uchun faqat harbiy bo‘lish talab etilmaydi, uni sevish, uning ravnaqi va farovonligi uchun yashash, mehnat, ijod qilish kifoya qiladi. Yurtimizda har yili “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” katta bayram va shodiyona bilan tantana qilinadi. Bu kabi e’tibor va e’tirof mas’uliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bag‘ishlaydi. Bu kun Vatanini chinakamiga sevgan, uning gullab - yashnashi uchun o‘zining bor kuch va imkoniyatlarini, bilimini sarflaydigan har bir o‘g‘il - qizning, fidoyi vatanparvarning bayramidir. Fursatdan foydalanib, ularni bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Vatan ravnaqi yo‘lidagi savob ishlaringiz davomli bo‘lsin! Yurtimiz tinchligi yo‘lidagi mas’uliyatni va sharafli ishlaringizda omad yor bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Xudaynazar Yunusov
Biologiya fanlari doktori, professor
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador,
SamDVMCHBU rektori

LTR RTL