18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida vatanparvarlik marafoni tashkil etildi.
Unda universitet professor-o‘qituvchilari, universitet jamoasi hamda talabalar faol ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida universitet rektori, professor Yunusov Xudaynazar Beknazarovich so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining xalqimiz hayotidagi o‘rni, uning tarixiy va ma’naviy ahamiyati, mustaqilligimiz, milliy g‘ururimiz hamda xalqimiz birligining yorqin timsoli ekanligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, davlat ramzlariga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, universitet jamoasi va talabalar qo‘llarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayroqlarini baland ko‘targan holda vatanparvarlik marafonida ishtirok etdilar.

Marafon davomida ishtirokchilar yurtimiz mustaqilligi, xalqimiz birdamligi va milliy iftixorimiz ramzi bo‘lgan davlat bayrog‘iga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromlarini namoyon etdilar.
Zero, bayroq — shunchaki mato emas, u xalqning tarixi, buguni, kelajagi, g‘ururi va iftixoridir!
Bir Vatan! Bir el! Bir bayroq!