Aziz yurtdoshlar, qadrli ustozlar va talabalar!
Sizlarni 21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
O‘zbek tili — millatimizning ruhi, xalqimizning bebaho ma’naviy boyligi, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsolidir. Ona tilimiz asrlar davomida ajdodlarimizning boy ilmiy, adabiy va madaniy merosini avlodlardan avlodlarga yetkazib, xalqimizni ezgu qadriyatlar va mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashtirib kelmoqda.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimiz tarixidagi muhim va unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Bugun ona tilimizning nufuzini yuksaltirish, uning sofligini asrash, boy imkoniyatlarini keng namoyon etish hamda yosh avlod qalbida tilga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish barchamizning sharafli burchimizdir.
Ayniqsa, ta’lim va ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan har birimiz uchun ona tilimizda ravon, aniq va mazmunli so‘zlashish, ilmiy salohiyatimizni o‘zbek tilida namoyon etish hamda uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish muhim vazifalardan biridir.
Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, ezgu ishlaringizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
O‘zbek tilimizning dovrug‘i hamisha baland, nufuzi yanada yuksak, kelajagi porloq bo‘lsin! Ona tilimiz — milliy g‘ururimiz va bebaho merosimiz sifatida hamisha ardoqda bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
Hurmat bilan, Yunusov Xudoynazar Beknazarovich Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor, akademik