Universitet kafedra mudirlari Sh.Ishniyazova va N.Ro‘ziqulovlar 2022 yilning 28 noyabridan 2 dekabrigacha Latviya Respublikasining Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida xizmat safarida bo‘lib qaytishdi.
Xizmat safaridan asosiy maqsad Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida tashkil etilgan “Xalqaro haftalik” nomli seminar-treningda ishtirok etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-187-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tomonlar o‘rtasida tuzilgan “O‘quv va ilmiy sohada o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi”ga asosan ma’ruza o‘qish, hamkorlikda xalqaro loyihalarni tayyorlash, yangi avlod o‘quv-uslubiy adabiyotlarini yaratish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, hammualliflikda maqolalar chop etish, universitet o‘quv jarayoniga ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilarni jalb qilish bilan bog‘liq.
Mazkur “Xalqaro haftalik” tadbiriga Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (LBTU) mezbonlik qildi. Ushbu xalqaro tadbirda yettita universitet va institutlardan (Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Moldova texnika universiteti, Gruziya-Amerika universiteti va Akaki Tsereteli Kutaisi davlat universiteti) rektorlar, prorektorlar, dekanlar, kafedra mudirlari, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshliqlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Tadbirda universitet rektori, professor Irina Pilvere so‘zga chiqib, ishtirokchilarni oliy ta’limdagi dolzarb masalalar bilan tanishtirdi va “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga LBTU ilmiy universitet ekanligini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilganini ta’kidladi. Shuningdek, u universitetning tuzilmasi, fakultetlari, xalqaro reytinglardagi ishtiroki, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi universitet strategiyasi ustida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Bundan tashqari, universitetning ilmiy jurnallari, yillik xalqaro konferensiyalar, raqamli yechimlar tatbiq etilgan holda amalga oshirilgan loyihalar, masalan, robotlashtirilgan begona o‘tlarni nazorat qilish qurilmasi, issiqxona gazlari (GHG) emissiya kalkulyatorini yaratish va boshqa tadqiqotlar, ayniqsa, ilm-fandagi erishilgan yutuqlari alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida kelgusida hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun amalga oshiriladigan bir qator tadbirlar rejasi belgilab olindi. Jumladan, yozgi maktabga talabalarni jalb qilish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun Erasmus+ mobillik imkoniyatlari, shuningdek, yangi qo‘shma o‘quv dasturlarini birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda, universitetimiz olimlari “Qishloq xo‘jalik” fakultetida bo‘lishib, fakultetdagi ish jarayonlari bilan ham atroflicha tanishishdilar. Shundan so‘ng, fakultet dekani, professor Dase Klava, Chorvachilik instituti direktori, professor Diana va qo‘shma dasturlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Janis Kanepslar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab ikki hamkor universitet o‘rtasida 1+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida “Barqaror qishloq xo‘jaligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha tayyolangan shartnoma loyihasi ishtirokchilar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama davomida tomonlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi, jumladan mezbon universitet rahbariyati tomonidan qo‘shma ta’lim dasturida o‘qiydigan talabalarning to‘lov-kontrakt miqdorini 30 foizgacha pasaytirish hamda yaxshi va a’lo baholarga o‘qiydigan talabalarga 500 yevro miqdorida stipendiya berilishi rejalashtirilganini alohida qayd etib o‘tishdi.
Bundan tashqari, muassasalar professor-o‘qituvchilarini ma’ruza o‘qish va stajirovka o‘tash uchun yuborish hamda hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha ham o‘zaro kelishib olindi.
Universitetimiz olimlari xalqaro tadbirda ishtirok etish bilan bir qatorda “Oziq ovqat sifati” va “Ichki yuqumsiz kasalliklar” fanlaridan talabalarga ma’ruzalar ham o‘qishdi.